Yangi O‘zbekiston: xalq bilan birga va xalq uchun amalga oshirilayotgan islohotlar

So‘nggi sakkiz yilda O‘zbekistonda kechayotgan tub o‘zgarishlar, shiddatli islohotlar va inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan sa’y-harakatlar haqida gap ketganda, avvalo bir narsani teran his etish joiz. Bu jarayon o‘z-o‘zidan sodir bo‘lmadi. Islohotlar ortida qat’iy siyosiy iroda, xalq manfaatini ustuvor qo‘ygan davlat rahbarining strategik qarashlari va eng muhimi, millatning o‘zgarishga bo‘lgan ishtiyoqi mujassam desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Ta’bir joiz bo‘lsa, Harakatlar strategiyasi doirasida yigirma besh yilda qo‘lga kiritilmagan natijalarga, yutuqlarga erishildi.

O‘tgan davr mobaynida davlatning barcha sohalarida asosli va misli ko‘rilmagan yangilanishlar amalga oshirildi. Davlat va jamiyat o‘rtasidagi masofa qisqardi, inson manfaati islohotlarning markaziga qo‘yildi.
Bugun hokimiyat va xalq o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot bor. Senatorlar, deputatlar, vazirlar va hokimlar joylarga chiqib, fuqarolar bilan jonli muloqot qilmoqda. Muammolar qog‘ozda emas, hayotda hal qilinmoqda. Bu boshqaruvda tamoman yangi standart, inson qadri ulug‘langanidan dalolatdir.

Davlatimiz rahbarining “Inson qadri ulug‘, ertaga emas, uzoq kelajakda emas, aynan bugun o‘z hayotidan rozi va mamnun bo‘lib yashashi kerak” degan ezgu g‘oyalari ijrosini yurtdoshlarimiz bugun o‘z taqdiri va oilasi misolida ko‘rib, his qilib turishibdi. Ochiqlik siyosati olib borilgani tufayli xalqimizning davlatga nisbatan ishonchi yanada mustahkamlandi.

Bugungi kunda yurtimizda ta’lim va tarbiyaning uzviyligiga yuqori darajada e’tibor qaratilmoqda. Ertamiz egalari bo‘lgan dilbandlarimizning ta’lim-tarbiyasiga e’tibor davlat siyosatining asosiy maqsad va yo‘nalishlaridan biridir.

Yurtimiz bo‘ylab 5 mingdan ziyod maktab ta’mirlandi yoki qaytadan barpo etildi. Maktabgacha ta’lim qamrovi 27 foizdan 76 foizgacha ko‘tarildi. Oliy ta’lim qamrovi esa 8 foizdan qariyb 48 foizga yetdi. Bu raqamlar shunchaki statistika emas, balki yurt kelajagining fundamenti, taraqqiyotga yetaklovchi bilimli avlodga qilingan sarmoyadir.

Bu natijalarga nafaqat infratuzilma jihatdan, balki mazmunan ham e’tibor qaratilgan. Oliy ta’limga qabul o‘rinlarining oshishi, xorijiy universitetlar bilan hamkorlik, yangi ixtisosliklarning joriy etilishi barchasi zamonaviy bilimlar bazasiga asos solmoqda.

Sport sohasida ham yurtimizda katta yutuqlar kuzatilmoqda. 2023 yilda O‘zbekiston U-20 futbol bo‘yicha terma jamoasi ilk bor Osiyo chempioni bo‘lish sharfiga sazovor bo‘ldi. Bu tarixiy g‘alaba mamlakatimiz futbolining yangi bosqichga ko‘tarilganligini yaqqol ko‘rsatdi.

Shuningdek, “Parij-2024” Olimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasi tarixiy natijalarga erishdi: 8 ta oltin, 2 ta kumush va 3 ta bronza medallar qo‘lga kiritildi. Olimpiadada qatnashgan 208 mamlakat orasida 13-o‘rinni egallab, TOP-15 mamlakatlar safidan o‘rin oldi. Osiyoda 4-o‘rinni, turkiy tilli davlatlar, musulmon davlatlar va MDH mamlakatlari orasida esa birinchi o‘rinni zabt etdi. Uch nafar sportchimiz bir vaqtning o‘zida ikki karra Olimpiada chempioniga aylangani yurtimiz uchun yana bir faxr manbai bo‘ldi.

Bundan tashqari, MDH davlatlari orasida birinchi bo‘lib, futbol bo‘yicha Milliy terma jamoamiz ilk bor jahon chempionatiga chiqish imkoniga ega bo‘ldi. Bu tarixiy voqea sport sohasidagi ulkan yutuq va rivojlanishdan darak bermoqda.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda inson huquqlari, erkinliklari va huquqiy adolatni ta’minlashga qaratilgan islohotlar butun dunyo hamjamiyati tomonidan e’tirof etilmoqda. Chet ellarda mehnat qilayotgan vatandoshlarimizning huquqiy himoyasini ta’minlash, ularning huquqlari poymol bo‘lishining oldini olish maqsadida mutlaqo yangi tizim yaratildi. Ijtimoiy muhofaza, huquqiy maslahatlar, ish bilan ta’minlash kabi masalalarda tashkil etilgan migratsiya siyosati samarali yo‘lga qo‘yildi.

Bu islohotlarning yana bir muhim jihati shundaki, adashib, boshqa yo‘lga kirib qolgan vatandoshlarimizga nisbatan ilgari bo‘lgani kabi dushman ko‘zi bilan qarash amaliyotiga barham berildi. Aksincha, ularga kechirimli munosabatda bo‘lish, insoniylik va bag‘rikenglik tamoyillari asosida yondashish davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Bu esa ichki barqarorlik va ijtimoiy totuvlik yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.

Huquqiy davlat qurishda erishilgan eng katta yutuqlardan yana biri — 2017–2024 yillar oralig‘ida 6 679 nafar shaxsning oqlangani. Ilgari sudlangan va jazoni o‘tab bo‘lsa-da, oqlanmagan fuqarolarning huquqiy maqomi qayta ko‘rib chiqilib, ularga munosib hayotga qaytish imkoniyati yaratildi. Bu inson qadrini ulug‘lash va adolatni tiklashning yorqin namunasi hisoblanadi.

Shuningdek, xorijga chiqishdagi byurokratik to‘siqlar ham yo‘q qilindi. Ilgari amal qilgan O‘VIR stikerlari tizimi tugatilib, uning o‘rniga zamonaviy xorijga chiqish pasporti joriy etildi. Bu fuqarolarning erkin harakatlanish huquqini ta’minlash bilan bir qatorda, mamlakat imidjini xalqaro miqyosda yuksaltirishga xizmat qildi.

Inson va uning qadri ulug‘langanining yana bir yorqin ifodasi sifatida “propiska” tizimining bekor qilinishini keltirish o‘rinlidir. Bu yildan boshlab Toshkent shahri va Toshkent viloyatida yashash uchun alohida ruxsat talab qiluvchi hujjat — doimiy ro‘yxatdan o‘tish sharti haqidagi qonun o‘z kuchini yo‘qotdi. Bu o‘zgarish nafaqat mamlakat ichida erkin harakatlanish imkonini kengaytirdi, balki ichki bozorni ham jonlantirdi. Fuqarolar endi mehnat, ta’lim yoki shaxsiy ehtiyojlarga qarab, to‘siqlarsiz xohlagan hududda yashash va ishlash imkoniga ega bo‘ldi.

Ijtimoiy hayotdagi yana bir muhim o‘zgarish — majburiy mehnat amaliyotiga butunlay barham berilishidir. Ilgari millionlab ayollar, bolalar, o‘qituvchilar va tibbiyot xodimlari har yili paxta terimi va boshqa mavsumiy ishlarga jalb etilardi. Bu amaliyot nafaqat inson huquqlariga zid, balki ijtimoiy sohadagi faoliyatni ham izdan chiqarar edi. Maxsus qarorlar, nazorat mexanizmlari va javobgarlik choralari joriy etilishi natijasida bu salbiy illatga chek qo‘yildi.

Iqtisodiy sohada ham ilgarilagan qadamlar tashlandi. 2017 yildan boshlab ichki valyuta bozori erkinlashtirildi, xorijiy valyutani xarid qilishdagi cheklovlar bekor qilindi. Endi fuqarolar xorijiy valyutani erkin xarid qilib, shaxsiy yoki investitsion ehtiyojlar uchun to‘lovlarni amalga oshirish imkoniga ega. 2018 yilda 218 ta bo‘lgan avtomatlashtirilgan valyuta ayirboshlash shoxobchalari soni 2024 yilda 3 400 taga yetkazildi.

Naqd pul muomalasidagi to‘siqlar ham to‘liq bartaraf etildi. Endilikda fuqarolar o‘z mablag‘larini erkin, shaffof va qulay tarzda boshqarish imkoniga ega.

Ijtimoiy muhofaza masalalarida ham muhim o‘zgarishlar kuzatildi. Nogironligi bo‘lgan shaxslarni protez-ortopediya vositalari bilan ta’minlash 2 baravar oshdi: 2023 yilda 45 ming dona bo‘lgan bo‘lsa, 2024 yilda 104 ming donaga yetdi. Bandligi ta’minlangan nogironlar soni esa 151 ming nafarni tashkil etdi.

“Mеhr” operatsiyalari doirasida og‘ir ahvolda qolgan yurtdoshlarimizni Vatanga qaytarish amaliyoti davom etmoqda. Suriya, Iroq va Afg‘onistondan 531 nafar ayol va bola qaytarilib, ular uchun munosib sharoitlar yaratildi. Shuningdek, 100 nafar falastinlik Toshkentga evakuatsiya qilinib, tibbiy yordam bilan ta’minlandi.

Fuqarolik masalasida ham tarixiy o‘zgarishlar amalga oshirildi. 1991–2016 yillar davomida atigi 482 kishi O‘zbekiston fuqaroligini olgan bo‘lsa, so‘nggi sakkiz yilda 84 mingdan ortiq fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar yurtimiz fuqarosi deb topildi.

Tashqi siyosatda ham O‘zbekistonning pozitsiyasi yangi bosqichga ko‘tarildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2018 yilda BMT Bosh Assambleyasida Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha rezolyutsiya qabul qilindi. So‘nggi yillarda qo‘shni davlatlar bilan munosabatlar strategik sheriklik darajasiga chiqdi, suv, chegara va logistika kabi muammolar hal etildi.

Qurilish sohasida byurokratik to‘siqlar kamaytirilib, ruxsat olish muddati 286 kundan 86 kungacha qisqartirildi. Qurilish materiallari ishlab chiqarishining 95 foizi mahalliylashtirildi. Yangi O‘zbekiston massivlarida 27 ming xonadonli 760 ta ko‘p qavatli uy foydalanishga topshirildi.

Turizm sohasida 2017 yilda 2,6 million sayyoh tashrif buyurgan bo‘lsa, 2024 yilda bu ko‘rsatkich 10 milliondan oshdi. 93 ta davlat fuqarolari uchun vizasiz rejim joriy etildi. Bu esa “The Guardian” kabi xalqaro nashrlar tomonidan O‘zbekistonni eng yaxshi sayohat yo‘nalishlaridan biri sifatida e’tirof etilishiga sabab bo‘ldi.

Mudofaa sohasida ham islohotlar davom etmoqda. 2025 yil avgust oyida Qurolli Kuchlar akademiyasi negizida Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti tashkil etildi.

Milliy armiyamizning jangovar salohiyati xalqaro miqyosda e’tirof etildi. Turkiyada o‘tkazilgan xalqaro musobaqada O‘zbekiston jamoasi oltin medalni qo‘lga kiritdi. AQShda esa serjantlarimiz “Eng yaxshi jangchi – 2025” tanlovida g‘olib chiqdi.

Xulosa qilib aytganda, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar bir kunlik yoki bir yillik emas — bu avlodlar taqdiriga ta’sir etuvchi strategik o‘zgarishlardir. Eng muhimi, bu islohotlar xalq bilan birga va xalq uchun amalga oshirilmoqda. Oldinda yana katta marralar va keng istiqbollar turibdi. Chunki Yangi O‘zbekiston — barchamizning umumiy taqdirimizdir.

 
 
Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish