Mamlakatimizda keyingi yillarda ta’lim sohasida eng ustuvor islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayon joriy yil 9 sentyabrda davlatimiz rahbari raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida yana bir bor o‘z ifodasini topdi. Yig‘ilishda maktabgacha ta’limdan tortib, maktab va kasbiy ta’limgacha bo‘lgan butun tizimdagi holat tahlil qilinib, amalga oshirilayotgan islohotlarning samarasi va yangi vazifalar belgilab olindi. Ushbu yig‘ilish orqali ta’limni isloh qilish jarayoni yanada chuqurlashtirilayotgani, islohotlar “yangi bosqich”ga qadam qo‘ygani yaqqol ko‘zga tashlandi.
Avvalo, ta’lim tizimiga bo‘lgan davlat siyosatining ustuvorligi yana bir bor ta’kidlandi. Prezident ta’limni iqtisodiy taraqqiyot va millat kelajagining bosh omili sifatida belgiladi. Haqiqatan ham mazkur yondashuv, ya’ni inson kapitaliga investitsiya qilish taraqqiyotning uzoq muddatli poydevorini yaratish demakdir.
Yig‘ilishda tilga olingan ma’lumotlarga qaraydigan bo‘lsak, hozirgi kunda 60 mingdan ortiq pedagog oyiga 10–12 million so‘m maosh olmoqda. Bu ustama va baholash tizimining rag‘batlantiruvchi mexanizm sifatida ishlayotganidan dalolat beradi. 300 ta maktab jamoasi 40 foizgacha ustama olmoqda. Bu o‘sish faqat moddiy rag‘bat emas, balki o‘qituvchining obro‘sini tiklash, kasbiy o‘sishga qiziqish uyg‘otish nuqtayi nazaridan muhim hisoblanadi.
E’tiborli jihati shundaki, o‘qituvchilardan tashqari rahbar xodimlar — maktab direktorlari va bog‘cha mudirlarining ham maoshi 10 million so‘mdan oshib, boshqaruv salohiyatini kuchaytirishga qaratilgan qadam tashlandi. Bu tizimda mas’uliyat va hisobdorlikni oshirishda muhim omil bo‘ladi.
Maktabgacha ta’lim sohasida joriy yilda 182 ming o‘rin yaratish rejasi keng qamrovli maqsad bo‘lib, shundan 82 ming o‘rin yangi bog‘chalar hissasiga to‘g‘ri keladi. Qolgan qismi esa mavjud muassasalarni ta’mirlash va xususiy sektorni jalb qilish orqali amalga oshiriladi. Davlat-xususiy sheriklik asosida bog‘chalar qurish uchun 80 foizdan kam qamrovga ega hududlarda yer maydonlari auksionga chiqariladi. Bu yondashuv hududiy tengsizlikni kamaytirish, ta’limga barcha uchun teng imkoniyat yaratishga xizmat qiladi.
Muhim yangiliklardan biri — bog‘chalarda oliy ma’lumotli tarbiyachilar yetishmasligi muammosiga yo‘naltirilgan aniq choralar belgilanganidir. Hozirda davlat bog‘chalaridagi tarbiyachilarning 38 foizi, xususiy bog‘chalarda esa 24 foizi oliy ma’lumotga ega. Bu holat sifat muammolarini keltirib chiqarishi turgan gap. Shu bois, “5 kun ishlab, 1 kun o‘qiydigan” bakalavriat shakli joriy qilinayotgani aniq va maqsadli yechim hisoblanadi. Bu orqali har yili qariyb 10 ming yangi mutaxassis tizimga qo‘shiladi.
Masalaga faqat infratuzilma yaratish yoki kadrlar bilan ta’minlash nuqtayi nazaridan emas, balki metodik yondashuv nuqtayi nazaridan ham keng qamrovli va tizimli tarzda yondashilmoqda. Bu boradagi muhim qadamlaridan biri sifatida, yangi o‘quv yilidan boshlab “Yangi avlod” metodik bog‘chalarini tashkil etish rejalashtirilgan. Mazkur bog‘chalar nafaqat bolalarga zamonaviy ta’lim-tarbiya berishni ta’minlash, balki tarbiyachilar uchun ilg‘or metodlarni amaliyotda qo‘llash, pedagogik mahoratini oshirish va tajriba almashish imkonini beruvchi innovatsion maydonga aylanadi.
Shu bilan birga, “Yangi avlod” metodik bog‘chalari orqali tarbiyachilarning kasbiy rivojlanishini ta’minlash, ularning bilim va ko‘nikmalarini muntazam yangilab borishga qaratilgan institutsional mexanizm shakllantiriladi. Bu esa maktabgacha ta’lim sifatini oshirish, bolalarning erta yoshdan intellektual rivojlanishiga poydevor yaratishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Maktab ta’limiga kelganda, so‘nggi yillarda bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar ta’lim tizimida sifat o‘zgarishlarini ta’minlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Xususan, so‘nggi uch yil ichida 201 ta ixtisoslashtirilgan maktabning tashkil etilgani iqtidorli va yuqori salohiyatga ega o‘quvchilarni aniqlash, ular bilan maqsadli va tizimli ish olib borishga katta e’tibor qaratilayotganini ko‘rsatadi.
Shu bilan birga, yig‘ilishda ta’limda imkoniyatlar tengligini ta’minlash masalasi ham dolzarb ahamiyatga ega ekanligi alohida ta’kidlandi. Olis hududlarda 5–7 kilometr masofadan maktabga qatnayotgan qariyb 74 ming bola uchun 100 ta maktab avtobusining ajratilishi bolalarning xavfsizligi va samarali o‘qish sharoitiga ega bo‘lishiga qaratilgan muhim qadmdir.
Bu tashabbus vaqtinchalik yechim emas, balki doimiy davlat siyosati darajasiga ko‘tarilishi, alohida davlat dasturiga aylantirilishi maqsadga muvofiq. Chunki joylardagi ta’lim infratuzilmasini qo‘llab-quvvatlash orqali mamlakat bo‘ylab barcha bolalar uchun teng imkoniyatlarni ta’minlash adolatli va barqaror ta’lim tizimining asosiy shartlaridan biridir.
Ta’lim mazmunida ham yangilanishlar bor. Xususan, 1-sinflarda informatika darslari joriy qilingan bo‘lsa, yangi o‘quv yilidan sun’iy intellekt bo‘yicha darslar ham yo‘lga qo‘yiladi. Bu kelajak sohalarga tayyorgarlik, mehnat bozorida raqobatbardosh avlod yetishtirishga qaratilgan. Buning uchun 2 ming sinf kompyuter va interaktiv doska bilan jihozlanadi.
Shu bilan birga, iqtidorli yoshlar uchun Al-Xorazmiy, Mirzo Ulug‘bek va Ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktablarning turli hududlarda filiallarini ochish rejalashtirilmoqda. Budan ko‘zlangan asosiy maqsad — iqtidorli o‘quvchilarga yuqori sifatli ta’limni o‘z hududida olish imkonini yaratish, markaziy shaharlarga bog‘liqlikni kamaytirish va barcha bolalar uchun teng sharoit yaratishdan iborat.
Eng muhimi, bu maktablarni texnikumlar va universitetlar bilan bog‘lash rejasi orqali ta’limning uzluksizligiga erishish ko‘zda tutilgan. Ya’ni, o‘quvchi maktabdan boshlab oliy ta’limgacha bo‘lgan bosqichlarda bir xil yondashuv va muvofiqlashtirilgan dasturlar asosida ta’lim olishi mumkin bo‘ladi. Bunday tizim iqtidorli yoshlarni bosqichma-bosqich rivojlantirishga xizmat qiladigan, yaxlit va uyg‘un ta’lim muhitini shakllantirishga olib keladi.
Mehnat bozoriga raqobatbardosh kadrlar tayyorlashdagi eng katta muammolardan biri — kasbiy ta’limga bo‘lgan talabning pastligidir. Prezident ta’kidlaganidek, mamlakatda 598 ta texnikum mavjud bo‘lishiga qaramay, ushbu ta’lim muassasalariga qiziqish past, ularning bitiruvchilari orasida ishga joylashish ko‘rsatkichi ham qoniqarli emas. Bu holat, avvalo, ta’lim sifati yetarli darajada emasligi, texnikumlarning ishlab chiqarish sohasi bilan yetarlicha integratsiya qilinmagani hamda boshqaruvdagi samarasiqlik bilan bog‘liq.
Ana shu muammolarni hal etish maqsadida Kasbiy ta’lim agentligini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Bu agentlik orqali kasbiy ta’limni yagona davlat siyosati asosida muvofiqlashtirish, mahalliy va xorijiy investorlar ehtiyojidan kelib chiqib mutaxassislar tayyorlash, ta’limni mehnat bozori talablari bilan uyg‘unlashtirish imkoniyati yaratiladi.
Qolaversa, texnikumlar bilan dual ta’limni yo‘lga qo‘ygan korxonalarga imtiyozli kredit ajratilishi xususiy sektor ishtirokini kuchaytirishga xizmat qiladi.
E’tiborga molik jihati, yoshlar tarbiyasi masalasi ham ta’lim tizimidan ajralgan holda emas, balki uning uzviy davomi sifatida ko‘rib chiqilmoqda. Bu borada milliy tarbiya modeli yaratish tashabbusi alohida ahamiyat kasb etadi. Chunki bolalarni faqat akademik bilim bilan emas, balki milliy qadriyatlar, ma’naviy-axloqiy mezonlar asosida tarbiyalash, ularning barkamol shaxs bo‘lib ulg‘ayishiga xizmat qiladi.
Xulosa qilib aytganda, yig‘ilishda ko‘tarilgan masalalar ta’limni barcha bosqichlarda isloh qilish, inson kapitalini yanada yuksaltirish, global raqobatga tayyor yosh avlodni tarbiyalashga qaratilgan. Bu islohotlar samarali bo‘lishi uchun, avvalo, joylardagi ijro intizomi, malaka va tashabbus zarur. Ta’lim faqat resurs emas, balki faol mulohaza va mas’uliyat talab qiladigan maydon. Bu maydondagi har bir islohot kelajakni belgilaydi.