O‘zbekiston Prezidenti mintaqaviy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi

16-noyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

 

Sammitda Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev, Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov, Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev hamda BMTning Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun preventiv diplomatiya markazi rahbari Kaxa Imnadze ishtirok etdi.

 

Uchrashuvda mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash, ustuvor sohalarda qo‘shma loyiha va tashabbuslarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Prezident Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon Maslahat uchrashuvlariga to‘la huquqli a’zo sifatida qo‘shilganini mamnuniyat bilan e’lon qildi.

 

Davlat rahbari mintaqada ochiq muloqot va birgalikdagi sa’y-harakatlar tufayli hududiy masalalar hal etilganini, transport va savdo aloqalari tiklanganini, suv-energetika va gumanitar sohalarda samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilganini ta’kidladi.

 

Shuningdek, u Markaziy Osiyo mamlakatlarining jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuvi, investitsiyaviy jozibadorligi, tranzit salohiyati va o‘zaro savdo hajmlarining ortib borishini qayd etdi.

 

Sammitda mintaqaviy hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha qator tashabbuslar ilgari surildi:

 

Maslahat uchrashuvlarini “Markaziy Osiyo hamjamiyati” strategik formatiga aylantirish;

 

Oqsoqollar kengashini tuzish orqali avlodlararo bog‘liqlik va hamjihatlikni mustahkamlash;

 

Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yangi darajaga olib chiqish, 2035-yilgacha umumiy savdo aylanmasini 1,5–2 barobar oshirish;

 

Umumiy investitsiya makonini yaratish, elektron tijorat va raqamli to‘lov tizimlarini rivojlantirish;

 

Transport-logistika salohiyatini kengaytirish, “Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston” temir yo‘li va Transafg‘on transport yo‘lagini rivojlantirish;

 

Suv resurslaridan oqilona foydalanish va ekologik barqarorlikni ta’minlash, 2026–2036-yillarni “Markaziy Osiyoda suvdan oqilona foydalanish o‘n yilligi” deb e’lon qilish;

 

Ilmiy-ta’lim kooperatsiyasi, yoshlar va madaniy-gumanitar almashinuvlarni rivojlantirish, Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Ma’naviy meros va ma’rifat bo‘yicha xalqaro kongressni muntazam o‘tkazish.

 

Davlat rahbari hamjihatlik va do‘stlik orqali Markaziy Osiyoni barqaror, xavfsiz va farovon hududga aylantirishga intilayotganini ta’kidladi.

 

Shuningdek, Turkmaniston Prezidentini 2026-yilda “Markaziy Osiyo va Ozarbayjon” yangi formatida bo‘lib o‘tadigan Maslahat uchrashuviga raislikni qabul qilgani bilan tabrikladi.

 

Sammit davomida barcha ishtirokchilar so‘zga chiqdi, BMT Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun preventiv diplomatiya markazi rahbari Kaxa Imnadze esa BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning murojaatini o‘qib eshittirdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish