Ilm-fan tarixi sahifalarida abadiy nom qoldirgan Abu Rayhon Beruniy (973–1048) - nafaqat Markaziy Osiyo, balki butun insoniyat tamaddunining gavharlaridan biri. Uning asarlari haligacha dunyo olimlarini hayratga solib keladi.
Beruniyning buyuk kashfiyotlaridan biri - Yer shari hajmini aniqlash tajribasi - aynan bugungi Pokiston hududida, Nandana qo‘rg‘oni devorlari ichida amalga oshirilgan.
Buyuk fikrning manzili: Nandana
XI asr boshlarida Sulton Mahmud G‘aznaviy Hindistonga yo‘l oladi va safariga ilmiy maslahatchi sifatida Beruniyni ham olib ketadi. Yo‘lda ular tog‘lar bag‘rida joylashgan Nandana qo‘rg‘onini zabt etadilar. Aynan shu joy - baland tog‘lar va tekis sahrolar orasidagi tabiiy laboratoriya - Beruniy uchun ilmiy tajriba maydoniga aylanadi.
Olimning maqsadi ulkan - Yerning aylanasini va radiusini aniq hisoblash. Bu o‘sha davr uchun mutlaqo yangi yondashuv edi. Muhammad al-Xorazmiy bir daraja meridian masofasini 111,8 km deb hisoblagan bo‘lsa, Beruniy bu usulni takomillashtirib, natijada 111,16 km, shuningdek Yer ekvatorining uzunligi 40 183 km ekanligini aniqlaydi.
Beruniy o‘zining mashhur qoidalaridan birida shunday yozadi:
"Yer aylanasi uzunligini sahroni kezib yurmasdan quyidagicha aniqlash mumkin. Buning uchun dengiz sohilidagi yoki tekis joyda qad ko‘tarib turgan baland toqqa ko‘tarilib, quyoshning chiqishi yoki botishi oldidan gardishining yarmi ufqqa botgan vaqtda usturlob bilan uning pasayish burchagi o‘lchanishi lozim."
U geometriya va trigonometriyani mahorat bilan qo‘llab, tog‘ balandligi hamda burchaklardan foydalangan holda Yer radiusini hisoblaydi.
Natijada alloma Quyosh harakatini oddiy usturlob yordamida o‘lchab ko‘radi va Yer kurrasi radiusining uzunligi 12 million 803 ming gazdan ortiqroq (taxminan 6315 kilometr) ekanligini hisoblab chiqadi. Bu ko‘rsatkich bugungi aniq hisob-kitoblardan atigi 5 kilometr farq qiladi, xolos.
Beruniy Nandana qo‘rg‘onida bir necha yil yashab, Quyosh va yulduzlar harakatini kuzatgan, astronomiya va geodeziya sohasidagi ilk nazariy modellarning asosini yaratgan. Shu bois bu qo‘rg‘onni bemalol “Beruniyning laboratoriyasi” deb atash mumkin.
Bugun Nandana qo‘rg‘oni Pokistonning Panjob viloyati, Jhelum tumanida joylashgan. Devorlari qulagan, toshlari changalzor orasida qolgan bo‘lsa-da, u tarixning tirik guvohi sifatida hanuzgacha ilmiy shon-shuhratni eslab turadi.
2021 yil fevral oyida Pokiston Bosh vaziri Imron Xon bu tarixiy makonni restavratsiya qilish va uni xalqaro sayyohlik markaziga aylantirish to‘g‘risida qaror qabul qilgan.
Amaliy ishlar hali to‘liq boshlanmagan bo‘lsa-da, Nandana qo‘rg‘oni - Beruniyning ilmiy dahosi, inson tafakkurining cheksiz imkoniyatlarini eslatuvchi muqaddas maskan sifatida qadrlanadi.