Qozog‘iston Prezidenti “Oliy Darajali Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandi

Ko‘ksaroyda Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevga O‘zbekistonning eng yuqori davlat mukofotlaridan biri — “Oliy Darajali Do‘stlik” ordeni topshirildi.

Mukofotni topshirarkan, Shavkat Mirziyoyev Toqayevning O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilikni mustahkamlash yo‘lidagi katta xizmatlarini ta’kidladi.

Ikki davlat yetakchilarining sa’y-harakatlari tufayli O‘zbekiston–Qozog‘iston munosabatlari so‘nggi yillarda yangi bosqichga chiqqani, parlamentlar, hukumatlar, hududlar, biznes va yoshlar o‘rtasidagi aloqalar faollashgani aytildi. Madaniy va gumanitar almashinuvlar ham sezilarli kengaygani qayd etildi.

Savdo aylanmasi barqaror o‘sib bormoqda. Sanoat, qishloq xo‘jaligi, energetika va transport yo‘nalishlarida yirik qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, Toqayevning global miqyosda tinchlik va barqaror rivojlanish, mintaqada esa ishonch va hamjihatlik muhitini mustahkamlash borasidagi faoliyati e’tirof etildi.

Qozog‘iston Prezidenti mukofot uchun O‘zbekiston rahbari va xalqiga minnatdorlik bildirdi hamda ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik va ittifoqchilik yanada mustahkamlanishiga ishonch bildirdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish