O‘zbekistondagi Boburiylar avlodi

Ma’lumki, Zahiriddin Muhammad Bobur shayboniylar tomonidan Movarounnahrdan siqib chiqarilgach, 1525-yilda Hindistonga yo‘l oladi va u yerda buyuk Boburiylar sulolasiga asos soladi. Bu sulola uch asrdan ortiq hukmronlik qiladi, biroq 1858-yilda inglizlar tomonidan tugatiladi. So‘nggi hukmdor — Bahodirshoh Zafar II — Birmada surgunda vafot etgan, uning oilasi esa qatl etilgan yoki yo‘qolgan.

Ammo tarix sahifalari butunlay yopilmagan edi…

Bugun Toshkentda yashayotgan Zayniddin Mavlonov o‘zini Boburiylar sulolasining O‘zbekistondagi so‘nggi avlodlaridan biri deb biladi. 1950-yilda Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida tug‘ilgan Zayniddin aka, Zahiriddin Muhammad Boburning erkak nasl bo‘yicha 15-avlodi sanaladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, inglizlar Hindistonga bostirib kirgan paytda uning bobosi — 6 yoshli shahzoda Mirhazor (Mirzo Muhiddin) sulola ayollari yordamida Kashmirga yashirib yuborilgan. Keyinchalik u Kobul orqali Movarounnahrga o‘tib, Buxoro amirligida yashagan va oila qurgan.

1920-yilda Buxoro bosib olingach, Frunze boshchiligidagi qizil askarlar shahzodani otib tashlaydi. Uning o‘g‘li — Nosiriddin Mirzo (Boburning 14-avlodi) esa oilasi bilan Sirdaryo vohasiga surgun qilinadi.

Oradan yillar o‘tib, Zayniddin Mavlonov ko‘plab manbalarni o‘rganib, o‘z naslini hujjatlar orqali isbotladi. Bugun u o‘z ajdodlari — Boburiylar merosini avaylab saqlayotgan, tarix bilan yashayotgan inson.

Boburiylarning ayrim avlodlari hozirgacha Hindiston va Pokistonda istiqomat qilmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish