O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi navbatdagi majlisini o‘tkazdi. Yig‘ilishda davlat prokuraturasi va sud-huquq sohasiga oid muhim masalalar atroflicha muhokama etildi.
Majlisning ilk qismida Bosh prokurorning 2024 yildagi prokuratura organlari faoliyatiga oid hisobot dastlabki tarzda ko‘rib chiqildi. Hisobotdan ma’lum bo‘lishicha, huquqni muhofaza qilish sohasida qonun ustuvorligini ta’minlash, fuqarolar manfaatini himoya qilish, ijtimoiy zaif qatlamlarni qo‘llab-quvvatlash borasida bir qator natijalarga erishilgan.
- 489 nafar fuqaroga 3,8 milliard so‘m miqdoridagi kechiktirilgan ish haqi undirilgan;
- 7 941 nafar fuqaro, jumladan 4 156 nafar yoshlar va 3 785 nafar xotin-qizlar prokurorlar ko‘magida ishga joylashtirilgan;
- 54 064 nafar voyaga yetmagan shaxsning buzilgan huquqlari tiklangan;
- Korrupsiya bilan bog‘liq 2 965 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, 4 906 mansabdor shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan;
- Tergov jarayonida davlatga yetkazilgan 847 milliard so‘m zarar undirilgan.
Bundan tashqari, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga nisbatan qat’iy yondashuv natijasida 273 mingdan ortiq murojaat to‘g‘ridan-to‘g‘ri prokuratura organlarida hal etilgan.
Senatorlar tomonidan “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” tizimlari orqali muammolarni uyma-uy yurib aniqlash hamda tizimli hal qilishni davom ettirish zarurligi ta’kidlandi. Shuningdek, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning faoliyatiga noqonuniy aralashuvlarning oldini olish bo‘yicha choralar ko‘rilishi lozimligi qayd etildi.
Qo‘mita majlisida "Parlamentdagi muxolifatning kafolatlangan huquqlarini kengaytirish"ga qaratilgan qonun loyihasi muhokama qilindi. Unga ko‘ra, muxolifat partiyalari:
- Qonun loyihalariga ikkinchi o‘qishgacha muqobil tahrir kiritish huquqiga ega bo‘ladi;
- Qonunchilik palatasida bir qo‘mita raisi va ikki o‘rinbosar lavozimini egallashi;
- Har chorakda “hukumat soati”da masala kiritish huquqiga ega bo‘ladi.
Bundan tashqari, ijro hujjatlarini amalga oshirish tizimini takomillashtirish bo‘yicha ham yangi Qonun loyihasi ko‘rib chiqildi. Unga ko‘ra, sud hujjatlari ijrosi doirasida qarzdor majburiyatlarini depozit hisobiga mablag‘ o‘tkazish orqali to‘laydi, bu esa vaqtincha ijroni to‘xtatish va mulkka nisbatan cheklovlarni bekor qilish imkonini beradi.
Muhokamalar yakunida Qo‘mita muhokama qilingan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qildi. Ushbu qarorlar huquq-tartibot sohasidagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqishi, fuqarolar manfaatlari va ijtimoiy adolatni ta’minlashda muhim qadam bo‘lishi kutilmoqda.