Avtomobil yoʻllari sohasida ishlar va kelgusidagi vazifalar muhokama qilindi

09.12.2025 21:32
1507

Prezident Shavkat Mirziyoyev 9-dekabr kuni avtomobil yoʻllari sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi rejalar bilan tanishdi.

Oxirgi uch yilda sohada 40 trillion soʻm mablagʻ ajratilib, 63 ming kilometr yoʻl qurildi yoki taʼmirlandi, xorijdan jalb qilinayotgan mablagʻlar 1,2 milliard dollarga yetdi. Yoʻllar hududning geologik va ekologik xususiyatlariga mos ravishda loyihalashtirildi va zamonaviy qoplamalar bilan jihozlandi.

Kelgusi yillarda 21 ming kilometr yoʻl qurish va taʼmirlash, 14 ming kilometr tuproq yoʻllarni shagʻallashtirish, 325 koʻprikni taʼmirlash rejalashtirilgan. Ogʻir yuk avtomashinalari oqibatida zarar koʻrgan yoʻllarni nazorat qilish va vaznni tekshirish uchun tarozilar tarmogʻi kengaytiriladi, idoralararo elektron tizim joriy etiladi.

Shuningdek, yoʻllarni saqlash ishlarini xususiy sheriklikka berish va raqamlashtirishni rivojlantirish rejalashtirilgan. Kelgusi yilda 28 xizmat elektron shaklga oʻtkaziladi, intellektual transport tizimi joriy etiladi va yangi platformalar ishlab chiqiladi. Bularning barchasi hisobga olinib, Oʻzbekiston avtomobil yoʻllarini 2035-yilgacha rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqilishi topshirildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish