Prezident Huquqni muhofaza qilish akademiyasiga tashrif buyurdi

17.12.2025 09:08
1433

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasining yangi binosi va oʻquv-ilmiy faoliyati bilan tanishdi.

Akademiya 2022-yil 28-noyabrdagi Farmon asosida tashkil etilgan bo‘lib, prokuratura va tergov-surishtiruv organlari uchun kadrlarni tayyorlash tizimini sifat jihatdan yangiladi. Qisqa vaqt ichida u tor ixtisoslashgan taʼlim muassasasidan oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot markaziga aylandi.

Akademiyaning professor-o‘qituvchilari va boshqaruv xodimlari amaliy tajribaga ega malakali kadrlar bilan to‘ldirildi. Hudud infratuzilmasi kengaytirilib, ma’muriy bino, oshxona, mehmonxona, talabalar kovorking maydoni, konferens-zal va kutubxona yangilandi. 2 ta oʻquv korpusi va 2 ta yotoqxona rekonstruksiya qilindi, ochiq va yopiq sport majmualari qurilishi davom etmoqda.

Nazariya va amaliyotni uyg‘unlashtirish uchun kriminalistika poligonlari, sud protsessi imitatsiyasi zallari, so‘roq va tanib olish xonalari, kiberpoligon, “darknet” va sud-ekspertizasi laboratoriyalari tashkil qilindi. Hozirda oliy taʼlim ikki bosqich – bakalavriat va magistratura tizimida olib boriladi.

2023/24-o‘quv yilidan “Tergov faoliyati” va “Prokurorlik faoliyati” bakalavriat yo‘nalishlari tashkil etildi. Kelgusi yildan “Kiberhuquq” bakalavriat yo‘nalishi, shuningdek, magistraturada “Korrupsiyaga qarshi kurash”, “Inson huquqlari” va “Kiberxavfsizlikni huquqiy taʼminlash” mutaxassisliklari bo‘yicha kadrlar tayyorlanadi.

Prokuratura va tergov organlari xodimlari uchun malaka oshirishning yangi tizimi joriy etilib, har uch yilda kamida bir marotaba uzluksiz malaka oshirish yo‘lga qo‘yilgan. Masofaviy va aralash kurslar, shuningdek, sun’iy intellekt texnologiyalari yordamida virtual assistent va raqamli simulyatsiya videolaridan foydalanish yo‘lga qo‘yildi.

Shuningdek, yuridik klinika va maxsus elektron platforma orqali aholiga bepul huquqiy maslahat berish, talabalarni amaliy ko‘nikmalar bilan ta’minlash yo‘lga qo‘yildi. Korrupsiyaga qarshi kurashish ilmiy-taʼlim markazi va Raqamli kriminalistika ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etildi. Zamonaviy kiberlaboratoriyada 439 ta murakkab raqamli tadqiqot o‘tkazilib, 189 ta kiberjinoyat fosh etildi.

Akademiyada xalqaro ekspertlar ishtirokida 15 dan ortiq loyiha amalga oshirilmoqda. 10 ta ixtisoslik bo‘yicha ilmiy darajalar berilmoqda, “Korrupsiya muammolari” ixtisosligi bo‘yicha ilmiy kengash esa mamlakatda yagona hisoblanadi. Ilmiy salohiyat uch yil ichida 26 foizdan 67 foizga oshdi.

Prezident Mirziyoyev akademiyaning sud protsessi imitatsiyasi zallari, so‘roq va tanib olish xonalari hamda axborot-resurs markazi bilan tanishib, talabalar bilan muloqot qildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish