O‘zbekiston delegatsiyasi Parlamentlararo ittifoqning 152-assambleyasida faol ishtirok etmoqda

16.04.2026 15:00
1347

Turkiyaning Istanbul shahrida Parlamentlararo ittifoqning 152-assambleyasi o‘z ishini boshladi. 15-19 aprel kunlari davom etadigan ushbu yirik xalqaro anjuman dunyoning 155 mamlakatidan qonunchilarni bir maydonga jamlab, zamonaviy global muammolarga parlamentlar nigohi bilan yechim izlashga xizmat qilmoqda. Assambleya Turkiya Buyuk Millat Majlisi mezbonligida o‘tkazilmoqda.

Bu galgi assambleyaning bosh mavzusi “Kelajak avlodlar manfaatlari yo‘lida ishonchni mustahkamlash, barqaror tinchlikni taʼminlash va adolatni qaror toptirish” etib belgilangan. Shu jihatdan Istanbuldagi muloqotlar nafaqat bugungi geosiyosiy vaziyatni, balki ertangi dunyo barqarorligini ham ko‘zda tutayotgani bilan ahamiyatlidir. Tadbir doirasida IPUning ustaviy organlari, Bosh kengash, doimiy qo‘mitalar, parlament a’zolarining huquqlari bo‘yicha tuzilmalar, shuningdek Ayol parlamentariylar forumi va Yosh parlamentariylar forumi yig‘ilishlari ham o‘tkazilmoqda.

Bu galgi assambleyaning bosh mavzusi “Kelajak avlodlar manfaatlari yo‘lida umidni mustahkamlash, tinchlikni ta’minlash va adolatni qaror toptirish” etib belgilangan. Shu jihatdan Istanbuldagi muloqotlar nafaqat bugungi geosiyosiy vaziyatni, balki ertangi dunyo barqarorligini ham ko‘zda tutayotgani bilan ahamiyatlidir.

Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi O‘zbekiston parlamenti delegatsiyasi ushbu nufuzli maydonda faol ishtirok etmoqda. Delegatsiya assambleya doirasidagi asosiy siyosiy va tematik platformalarda, xususan Parlament ayol a’zolari forumida, Qo‘shilmaslik harakati parlament tarmog‘ining 5-konferensiyasida hamda boshqa muloqot formatlarida qatnashmoqda. Shuningdek, tashrif doirasida ikki tomonlama uchrashuvlar ham rejalashtirilgan.

Parlament ayol a’zolari forumida bugungi murakkab xalqaro vaziyat markaziy mavzu sifatida ko‘tarildi. “Nizolarning kuchayishi hamda ayollar va qizlar huquqlarining qisqarishi” mavzusiga bag‘ishlangan ushbu platformada global beqarorlik sharoitida xotin-qizlarning huquqlarini himoya qilish, ularning ta’lim olish imkoniyatlarini saqlab qolish, sog‘liqni saqlash xizmatlaridan foydalanishini kengaytirish va iqtisodiy faolligini oshirish masalalari muhokama qilindi. Parlamentlararo ittifoq doirasida ayollar va yoshlar forumlarining alohida o‘tkazilishi ham bugun inklyuziv vakillik masalasi xalqaro parlament kun tartibining markazida ekanini ko‘rsatmoqda.

Forumdagi muhokamalarda O‘zbekistonda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekani alohida ta’kidlandi. Mamlakatimizda ayollarning ta’lim olishi, iqtisodiy faolligini oshirish, jamiyat va davlat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirishga qaratilgan qonunchilik va amaliy dasturlar izchil amalga oshirilayotgani qayd etildi. Ana shu yondashuv xalqaro ishtirokchilar tomonidan ilg‘or tajriba sifatida e’tirof etilgani O‘zbekistonning bu yo‘nalishdagi tashabbuslari xalqaro maydonda ham e’tibor qozonayotganini anglatadi.

Forum doirasida O‘zbekiston xalqaro hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekanini bildirib, ishtirokchilarni joriy yil 14-15 may kunlari Buxoro shahrida bo‘lib o‘tadigan Osiyo xotin-qizlari ikkinchi forumiga taklif etdi. Bu taklif mamlakatimizning xotin-qizlar masalasida nafaqat milliy, balki mintaqaviy va xalqaro kun tartibini shakllantirishga intilayotganini ham namoyon etadi.

Istanbuldagi muloqotlarning yana bir muhim yo‘nalishi - iqlim o‘zgarishi va urbanizatsiya masalalari bo‘ldi. Qo‘shilmaslik harakati parlament tarmog‘ining 5-konferensiyasi “Qo‘shilmaslik harakati mintaqasida iqlim o‘zgarishiga bardoshli urbanizatsiyani ta’minlashda parlamentlar roli” mavzusiga bag‘ishlandi. Bugun shaharlar misli ko‘rilmagan sur’atlarda kengayib borayotgan bir paytda urbanizatsiya masalasi oddiy infratuzilma mavzusi bo‘lib qolmayapti. U iqlim xavfsizligi, resurslardan oqilona foydalanish, ekologik barqarorlik va ijtimoiy inklyuziya bilan chambarchas bog‘liq strategik yo‘nalishga aylangan. Shu bois konferensiyada iqlim o‘zgarishiga mos qonunchilikni takomillashtirish, uning ijrosi ustidan samarali parlament nazoratini kuchaytirish, “yashil” iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash va xalqaro hamkorlikni kengaytirish ustuvor vazifalar sifatida qayd etildi.

Muhokamalarda parlamentlarning o‘rni ayniqsa keng talqin qilindi. Ya’ni ular faqat qonun chiqaruvchi institut sifatida emas, balki uzoq muddatli davlat siyosatini shakllantiruvchi, byudjet resurslarini ustuvor yo‘nalishlarga safarbar etuvchi hamda milliy va xalqaro darajadagi hamjihatlikni mustahkamlovchi siyosiy institut sifatida namoyon bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi.

O‘zbekiston delegatsiyasining ushbu nufuzli platformadagi ishtiroki esa mamlakatimiz parlamentining xalqaro maydondagi faol va tashabbuskor rolini yana bir bor tasdiqlaydi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish