Millatlararo ahillik – Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining mustahkam tayanchi

14.07.2026 13:07
2551

Bugungi globallashuv sharoitida har bir davlatning taraqqiyoti, avvalo, jamiyatdagi tinchlik, barqarorlik va oʻzaro ishonch muhitiga bogʻliq. Oʻzbekiston aynan shu jihatdan oʻzining koʻp asrlik bagʻrikenglik anʼanalari va millatlararo totuvlik muhitini asrab-avaylab kelayotgan davlatlardan biri sifatida eʼtirof etilmoqda.

Mamlakatimizda turli millat va elat vakillari yagona Vatan tuygʻusi bilan yashab, mehnat qilmoqda, farzandlarini tarbiyalamoqda va yurt ravnaqi uchun birgalikda hissa qoʻshmoqda. Ular uchun teng huquq va imkoniyatlarni taʼminlash davlat siyosatining ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada inson huquq va erkinliklarini kafolatlash, fuqarolarning tengligi hamda kamsitishning har qanday koʻrinishiga yoʻl qoʻymaslik prinsiplari yanada mustahkamlandi. Bu esa mamlakatimizda yashovchi barcha millat vakillarining huquqiy manfaatlari ishonchli himoya qilinayotganining yorqin ifodasidir.

Yurtimizda faoliyat yuritayotgan milliy madaniy markazlar, doʻstlik jamiyatlari, turli tillarda taʼlim beruvchi muassasalar va ommaviy axborot vositalari xalqlar oʻrtasidagi oʻzaro hurmat va hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Bu imkoniyatlar har bir millat vakillariga oʻz milliy qadriyatlari, tili va madaniyatini erkin rivojlantirish sharoitini yaratib bermoqda.

Eng muhimi, bugun mamlakatimizda insonning qaysi millatga mansubligi emas, balki uning bilimli, tashabbuskor va jamiyat taraqqiyotiga qoʻshayotgan hissasi qadrlanadi. Davlat xizmatida, tadbirkorlikda, ilm-fanda, taʼlim, tibbiyot va madaniyat sohalarida turli millat vakillarining samarali mehnat qilayotgani buning yaqqol dalilidir.

Soʻnggi yillarda olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar aholi oʻrtasida oʻzaro hurmat, qonunga itoat va fuqarolik hamjihatligini yanada kuchaytirishga xizmat qilmoqda. Bu jarayonda Senat ham qonunchilikni takomillashtirish, inson huquqlarini himoya qilish hamda millatlararo munosabatlarni yanada mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslarni izchil qoʻllab-quvvatlab kelmoqda.

Bugun har birimiz mamlakatimizda qaror topgan tinchlik va ahillik muhitining qadriga yetishimiz zarur. Zero, millatlararo totuvlik – bu nafaqat ijtimoiy barqarorlikning, balki iqtisodiy taraqqiyot, investitsiyaviy jozibadorlik va xalqimiz farovonligining ham muhim omilidir.

Biz kelajak avlodga tinch, farovon va barqaror mamlakatni meros qilib qoldirishni istasak, jamiyatimizda oʻzaro hurmat, bagʻrikenglik va birdamlik tamoyillarini yanada mustahkamlashimiz lozim. Ana shunda Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot yoʻli yanada mustahkam boʻladi, yurtimizda yashovchi barcha millat va elat vakillari oʻzini yagona Vatanning teng huquqli va munosib farzandi sifatida his etadi.

 
Jamila Bobanazarova
Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi aʼzosi
 
Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish