Bugungi kunda Yangi O‘zbekistonni barpo etish jarayoni shunchaki iqtisodiy o‘sish emas, balki davlat va jamiyat boshqaruvini tubdan isloh qilishni anglatadi.
Bu yo‘lda “Inson qadri uchun” tamoyilini hayotga tatbiq etishda parlament va siyosiy partiyalarning roli har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Parlament – xalq irodasining ko‘zgusidir. Oliy Majlis palatalari – Qonunchilik palatasi va Senat – mamlakatdagi islohotlarning huquqiy asosi hisoblanadi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda parlamentning vakolatlari sezilarli darajada kengaytirildi.
Endilikda Oliy Majlis nafaqat qonun ijodkori, balki hukumat faoliyati ustidan real nazorat o‘rnatuvchi organga aylandi. Parlament nazoratini kuchaytirilib, ijro hokimiyati va vazirlarning hisobotlarini muntazam eshitish orqali xalqning talab va ehtiyojlari davlat siyosati darajasiga olib chiqilmoqda. Sifatli qonun ijodkorligi ta’minlangan holda Qonunlar faqat "qog‘ozda" qolmasdan, hayotiy bo‘lishi va bevosita amal qilishi uchun parlament a’zolari joylarda xalq bilan muloqotni kuchaytirmoqda. Demokratik jamiyatda siyosiy partiyalar xalq va davlat o‘rtasidagi ko‘prikdir.
Yangi O‘zbekistonda partiyalar faqat saylovoldi kampaniyasida emas, balki kundalik hayotda faol bo‘lishi talab etilmoqda. Har bir partiya (O‘zLiDeP, "Milliy tiklanish", "Adolat", XDP va Ekopartiya) o‘z elektorati manfaatlarini himoya qilishda aniq takliflar bilan chiqmoqda. Partiyalarning quyi bo‘g‘inlari joylardagi muammolarni aniqlab, ularni parlament darajasiga olib chiqayotkani esa mamlakatimiz rivojida partiyalar roli juda muhimligini ko‘rsatmoqda.
Xulosa qilib aytkanda, Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida parlament va partiyalar "demokratiya maktabi"ga aylanishi lozim. Ularning roli oshishi davlat boshqaruvida ochiqlikni ta’minlaydi va har bir fuqaroning o‘z taqdiriga daxldorlik hissini uyg‘otadi. Zero, kuchli parlament va mas’uliyatli siyosiy partiyalar – barqaror va farovon jamiyat garovidir.
Zumrad Bekatova
Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi a'zosi munosabati