2-aprel kuni Oliy Majlis Senatida Osiyo xotin-qizlari II forumini munosib darajada tashkil etish masalalariga bag‘ishlangan Tashkiliy qo‘mita yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishga Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva rahbarlik qildi.
Mazkur yig‘ilishda Tashkiliy qo‘mita a’zolari, senatorlar, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari, shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi. Unda bo‘lajak xalqaro anjumanni yuqori saviyada o‘tkazish, uning tashkiliy va mazmuniy jihatlarini puxta ishlab chiqish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.
Qayd etilganidek, davlatimiz rahbari tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida Osiyo xotin-qizlari forumini doimiy muloqot maydoniga aylantirish tashabbusi ilgari surilgan edi. Ushbu taklif asosida forumni joriy yilning 13–15-may kunlari Buxoro shahrida o‘tkazish belgilangan.
Anjuman “BMT-Ayollar” tuzilmasi hamda BMT Aholishunoslik jamg‘armasi — UNFPA bilan hamkorlikda tashkil etiladi. Forum doirasida xotin-qizlarning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va gumanitar sohalardagi huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan dolzarb masalalar muhokama markazida bo‘ladi.
Jumladan, sog‘liqni saqlash, ta’lim, ijtimoiy himoya, iqlim o‘zgarishi, ekologiya va boshqaruv yo‘nalishlarida xotin-qizlarning faol ishtirokini ta’minlash, ularning salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun zarur shart-sharoitlarni yanada mustahkamlashga alohida e’tibor qaratiladi. Shu bilan birga, mazkur yo‘nalishlarda xalqaro va mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish, o‘zaro tajriba almashishga ham katta ahamiyat beriladi.
Forum mamlakatimizda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni xalqaro jamoatchilikka keng tanitish uchun ham muhim maydon vazifasini bajaradi. Unda bandlik, tadbirkorlik, ta’lim, ijtimoiy himoya, mahalla va oila farovonligini ta’minlash, shuningdek, milliy tajriba va turizm salohiyatini namoyon etish masalalari ham keng yoritilishi kutilmoqda.
Shuningdek, forum kun tartibidan BMTning Xotin-qizlar kamsitilishining barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiyasi, BMT Xavfsizlik Kengashining 1325-sonli rezolyutsiyasi, Pekin deklaratsiyasi va Harakatlar platformasi, shuningdek, Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishga oid masalalar ham o‘rin oladi.
Yig‘ilish davomida forum dasturi, uning asosiy yo‘nalishlari, xorijiy delegatsiyalar ishtirokini ta’minlash, ikki tomonlama uchrashuvlarni tashkil etish va boshqa tashkiliy masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Yig‘ilish yakunida mas’ul vazirlik va idoralar oldiga forumni puxta tayyorlash hamda uni yuqori darajada o‘tkazish bo‘yicha aniq vazifalar qo‘yildi.