Farmatsevtika tarmog‘ida ahalliy ishlab chiqarish va investitsiyalar kengaymoqda

06.03.2026 12:23
1326

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida farmatsevtika tarmog‘ida ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish, zamonaviy texnologiyalarni jalb etish hamda mahalliylashtirishni kengaytirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Yig‘ilishda farmatsevtika sohasi nafaqat aholi salomatligi, balki mamlakat iqtisodiy xavfsizligi uchun ham muhim yo‘nalish ekani alohida ta’kidlandi. Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda tarmoqqa 1,8 milliard dollar investitsiya jalb qilinib, 140 ta yangi ishlab chiqarish quvvati ishga tushirilgan. Bugungi kunda korxonalar soni 300 tadan oshgan bo‘lib, ishlab chiqarish hajmi 3,5 barobar o‘sib, 7,3 trillion so‘mga yetgan.

Mahalliy dori vositalari ishlab chiqarish hajmi ham ikki karra ko‘paygan. O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan farmatsevtika mahsulotlari bugungi kunda 55 ta davlat bozoriga kirib borgan. Bu esa sohada amalga oshirilayotgan islohotlar o‘z samarasini berayotganini ko‘rsatadi.

Yig‘ilishda mutasaddilar oldiga joriy yilda kamida 1 milliard dollar investitsiya jalb qilish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish hamda 2030-yilgacha ichki bozorda mahalliy dorilar ulushini 70 foizga yetkazish vazifasi qo‘yildi. Shu bilan birga, kelgusi besh yilda farmatsevtika eksporti hajmini 1 milliard dollarga olib chiqish maqsadi belgilandi.

Hududlar kesimida ham istiqbolli loyihalar shakllantirilayotgani qayd etildi. Viloyatlar tomonidan umumiy qiymati 2,5 milliard dollarlik farmatsevtika loyihalari taklif etilgan bo‘lib, ular orqali yiliga 1 milliard dollarlik import o‘rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarish imkoniyati mavjud. Masalan, Andijonda 203 million dollarlik 16 ta loyiha rejalashtirilgan bo‘lsa, Sirdaryoda 188 million dollarlik eksportbop loyiha amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.

Mazkur yig‘ilish farmatsevtika sanoatini yangi bosqichga olib chiqish, investitsiyalarni ko‘paytirish va mahalliy ishlab chiqarish salohiyatini yanada mustahkamlashda muhim qadam bo‘ldi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish