Farmatsevtikada soliq imtiyozlari, eksport va sifat nazorati kuchaytiriladi

06.03.2026 12:27
1824

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida sohaga oid bir qator yangi imkoniyat va yengilliklar e’lon qilindi. Ular mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash, eksport salohiyatini oshirish hamda dori vositalari sifati va xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan.

Xususan, 1-apreldan boshlab yangi farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish, dorivor o‘simliklar yetishtirish va qayta ishlash loyihalari joylashgan hududidan qat’i nazar, uch yil muddatga yer solig‘idan ozod qilinadi. Loyiha ishga tushganidan so‘ng yana uch yil davomida foyda va mol-mulk soliqlari ham undirilmaydi. Shuningdek, biologik faol qo‘shimcha va kosmetika vositalari ishlab chiqaruvchilar uchun xomashyo, uskunalar va butlovchi qismlar importida bojxona imtiyozlari joriy etiladi.

Mahalliylashtirishni chuqurlashtirish maqsadida har yili ishlab chiqarish tavsiya etiladigan dori vositalari va tibbiy buyumlar ro‘yxati tadbirkorlarga taqdim etib boriladi. Ana shu mahsulotlarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan korxonalarga xorijiy valyutada 7 foizli kreditlar ajratiladi. Mahalliylashtirish darajasini oshirayotgan korxonalar esa Sanoat kooperatsiyasi jamg‘armasi hisobidan uzoq muddatli imtiyozli kreditlarga ega bo‘ladi.

Yig‘ilishda eksport masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Bugungi kunda farmatsevtika eksporti 220 million dollarga yetgan bo‘lsa-da, uning atigi 7 foizi tayyor dori vositalariga to‘g‘ri keladi. Shu bois mahalliy korxonalarni YevroGMP standartlariga moslashtirish ustuvor vazifa etib belgilandi. 1-iyundan boshlab YevroGMP sertifikatini olish xarajatlarining 50 foizi Savdoga ko‘maklashish jamg‘armasi hisobidan qoplab beriladi.

Shu bilan birga, bozorda dori vositalari sifati va xavfsizligini ta’minlash masalasi ham keskin qo‘yildi. O‘tgan yili mamlakatda 57 mingdan ortiq nomdagi ro‘yxatdan o‘tmagan va kontrafakt dori vositalari aniqlangani qayd etildi. Shu munosabat bilan sifatsiz va qalbaki mahsulotlarga qarshi kurashni kuchaytirish, bu boradagi javobgarlikni oshirish zarurligi ta’kidlandi.

Yig‘ilish yakunida ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini mustahkamlash maqsadida Milliy biofarmatsevtika ilmiy-tadqiqot institutini tashkil etish rejalari ham ma’lum qilindi. Bu tashabbuslar farmatsevtika tarmog‘ini yanada sifatli, raqobatbardosh va eksportbop yo‘nalishga aylantirishga xizmat qiladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish