O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Vashington shahriga amaliy tashrifi mamlakatimiz tashqi iqtisodiy siyosatining izchil, ochiq va pragmatik yo‘nalishda olib borilayotganini yana bir bor namoyon etdi. Tashrif doirasida AQShning yuqori martabali rasmiylari, moliya institutlari rahbarlari hamda dunyoning yetakchi kompaniyalari vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuvlar O‘zbekiston – AQSh strategik sherikligini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqdi.
Tashrif AQSh savdo vaziri bilan uchrashuvdan boshlanib, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Bugungi kunda o‘zaro savdo hajmining 1 milliard dollardan oshgani, mamlakatimiz bozorida 340 ga yaqin AQSh kompaniyalari faoliyat yuritayotgani o‘zaro ishonch va manfaatdorlikning amaliy natijasidir. Qiymati 35 milliard dollarlik uch yillik Iqtisodiy hamkorlik dasturining amalga oshirilayotgani esa munosabatlarning uzoq muddatli strategik tus olayotganini ko‘rsatadi.
Eksimbank hamda AQSh Xalqaro moliyaviy taraqqiyot korporatsiyasi (DFC) rahbariyati bilan uchrashuvlar investitsiyaviy hamkorlik mexanizmlarini mustahkamlashga xizmat qildi. Yirik sanoat va infratuzilmaviy loyihalarni moliyalashtirish, yuqori texnologiyali uskunalar yetkazib berish, energetika va moliya bozorini rivojlantirish bo‘yicha aniq kelishuvlarga erishildi. Investitsiya platformasini tashkil etish to‘g‘risidagi bitim esa hamkorlikni tizimli asosda olib borish uchun muhim zamin yaratdi.
AQSh savdo vakili bilan muloqot chog‘ida O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonini yakunlash masalalarida amaliy hamkorlikni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, TIFA doirasida mintaqaviy savdo va investitsiyaviy yondashuvlarni rivojlantirish taklif etildi.
Qo‘shma loyihalar taqdimoti va ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimida dunyoning yetakchi kompaniyalari ishtirok etdi. Energetika, neft-kimyo, muhim minerallar, agrosanoat, parrandachilik, zamonaviy sug‘orish texnologiyalari va moliya bozorini rivojlantirish kabi sohalarda erishilgan kelishuvlar mamlakatimizda yuqori qo‘shimcha qiymat yaratuvchi ishlab chiqarishlarni kengaytirishga xizmat qiladi.
Umuman olganda, mazkur tashrif O‘zbekistonning xalqaro maydondagi ishonchli va barqaror hamkor sifatidagi mavqeini yanada mustahkamladi hamda iqtisodiy taraqqiyot va investitsiyaviy muhitni yaxshilash yo‘lidagi sa’y-harakatlarning mantiqiy davomi bo‘ldi.