Yalpi majlisda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, ilmiy-tadqiqot institutlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash hamda sohaga ilm-fan yutuqlarini joriy qilish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament so'rovi yuborish masalasi ko‘rib chiqildi.
Qayd etilganidek, keyingi yillarda mamlakatda qishloq xo‘jaligini rivojlantirishda tadbirkorlik subyektlariga ilmiy asoslangan axborot taqdim etish, zamonaviy xizmatlar ko‘rsatish, ishlab chiqarishga ilm-fan yutuqlari va innovatsiyalarni keng joriy etish, ularning uzviy integratsiyasini taʼminlash borasida qator yutuqlarga erishilgan.
Bugungi kunda ilm-fan, ishlab chiqarish va zamonaviy agroxizmatlar ko‘rsatish uzviyligini taʼminlash мақсадида 1 ta direksiya, 13 ta ilmiy-tadqiqot instituti hamda 49 ta tajriba stansiyasini qamrab olgan Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzurida Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi faoliyat olib bormoqda.
Ilmiy-tadqiqot institutlari tomonidan don va dukkakli ekinlarning 6 ta yangi navi yaratilgan hamda Davlat reyestriga kiritilgan. 517 gektar maydonda kuzgi yumshoq bug‘doyning 17 ta yangi istiqbolli navi yetishtirilib, 3,4 ming tonna yuqori avlodli urug‘lik tayyorlangan.
2024-yilda ilk bor tajriba-sinov tariqasida yuqori hosildor, kasallik va zararkunandalarga chidamli g‘o‘za navlari hamda duragaylari Xitoy, Turkiya, Hindiston, Isroil, Tojikiston va Qirg‘izistondan olib kelinib, respublikamiz bo‘yicha jami 96 ming gektar maydonga ekilgan.
Milliy markaz tizimida Vengriya seleksiyasiga mansub 450 ming dona kartoshka urug‘larini “in-vitro” sharoitida ko‘paytirish yo‘lga qo‘yilgan. Hududlarda aholi daromadini ko‘paytirish bo‘yicha ilk bor “xonadonbay” usulida bajariladigan ilmiy loyihalar mexanizmi joriy etilgan.
Sohada olib borilayotgan islohotlar oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, dehqon va fermer xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash hamda milliy iqtisodiyotning barqaror rivojlanishiga hissa qo‘shmoqda.
Respublika bo‘yicha sug‘oriladigan 821 ming gektar yerda tuproq sifatini baholash, 620 ming gektarda sho‘rlanish darajasini aniqlash ishlari olib borilgan, 807 ming gektarda agrokimyoviy tahlil o‘tkazilib, ularning kartogrammalari tuzilgan.
Shu bilan birga, yalpi majlisda mahalliy seleksiyaga mansub yangi nav va duragaylarni yetishtirish hamda ilmiy-tadqiqot institutlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, sohaga ilm-fan yutuqlarini joriy qilish ishlari yetarli darajada yo‘lga qo‘yilmaganligi qayd etildi.
Sabzavot ekinlari urug‘larining tur va navlari bo‘yicha marketing xizmati tashkil etilmagan. Sertifikatlangan urug‘larni yetkazib berish uchun isteʼmolchilar tomonidan urug‘lar turi va navlariga buyurtmalar berish mexanizmi to‘laqonli shakllantirilmagan.
Shuningdek, eksportbop, import o‘rnini bosadigan navlar, urug‘lar, ishlanmalar va ilmiy natijalarni tijoratlashtirish hamda qishloq xo‘jaligida ilm va innovatsiyalarni keng joriy qilishda xususiy sektor ishtirokini kengaytirish bo‘yicha olib borilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi talab darajasida emasligi taʼkidlandi.
Muhokama yakunida ushbu masalalarga oydinlik kiritish maqsadida Senatning Vazirlar Mahkamasiga parlament so'rovi yuborish to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi.