Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi ishchi guruh yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda senatorlar, Konstitutsiyaviy sud, Oliy sud sudyalari va Sudyalar oliy kengashi aʼzolari, shuningdek, vazirlik va idoralar vakillari hamda soha mutaxassislari ishtirok etishdi.
Yig‘ilishda Senat tomonidan ishlab chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 21-moddasiga qo‘shimcha va o‘zgartirish kiritish haqida”gi qonun loyihasi hamda ushbu loyiha bo‘yicha vazirlik va idoralar, ilmiy-tadqiqot institutlari, shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan berilgan taklif va tavsiyalar muhokama qilindi.
Qayd etish joizki, mamlakatimizda adolat va qonun ustuvorligini taʼminlovchi sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini qaror toptirish, odil sudlovga erishish borasida islohotlar izchil davom ettirilmoqda.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi sudyalari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi, rais o‘rinbosarlari va sudyalari, O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi raisi, rais o‘rinbosari, uning aʼzolarini saylash kabi konstitutsiyaviy vakolatlari faqat nomzodlarni tasdiqlash bilan cheklanib qolmoqda. Parlament yuqori palatasi qo‘mitalarida nomzodlarning faoliyati bilan tanishish va unga baho berish, nomzodlar haqida xulosa bildirish amaliyotini yo‘lga qo‘yish zarurati yuzaga kelmoqda.
Shu bois mazkur loyihada O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi va Oliy sud sudyaligiga, Sudyalar oliy kengashi aʼzoligiga nomzodlarning faoliyati bilan tanishish va unga baho berish, ular haqida xulosa bildirish amaliyotini joriy qilish nazarda tutilmoqda.
Muhokama natijasida bildirilgan taklif va tavsiyalar loyihani yanada takomillashtirish uchun muhim ahamiyatga egaligi taʼkidlandi.