Aholini manzilli ijtimoiy himoyalash, muhtojlarga sifatli xizmat ko‘rsatish, yoshlarni kasb-hunarga yo‘naltirish, bandlik va kambag‘allik masalalariga samarali va, asosiysi, hayotiy yechimlar topishda muhim ijtimoiy institut — mahalladir. Har bir mahallada yondashuv to‘g‘ri va tizimli bo‘lsa, muammoli holatlar bir-biriga bog‘liq tarzda oson yechim topadi. Shu bilan birga, davlat idoralari mas’ullari va fuqarolar mahallalardagi o‘zaro muloqot asosida ish yuritishi ijtimoiy birdamlik hamda iqtisodiy faollik ortishiga keng imkoniyat yaratadi.
Keyingi yillarda mahalla institutini takomillashtirish davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangani bejiz emas. Zero, bu yo‘nalishda belgilangan ishlar Prezidentimizning doimiy e’tiboridadir.
Shu yilning 9 dekabr kuni davlatimiz rahbariga mahallalarda ishsizlik va kambag‘allikni kamaytirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida axborot berilgani fikrimiz tasdig‘idir. Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda ishga solinmayotgan imkoniyatlar, bu boradagi sustkashliklar ko‘rsatib o‘tildi.
Xususan, yig‘ilishda “mahalla yettiligi” a’zolarining ish samaradorligini baholash uchun aniq mezonlar mavjud emasligi, ularning asosiy vazifasi bo‘lgan ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirishda mas’uliyatini yanada oshirish zarurligi ta’kidlandi. “Yettilik” faoliyati aholi bandligi va daromadlari ortishida bevosita aks etishi shartligi, mazkur yo‘nalishda manzilli va natijaga yo‘naltirilgan ishlarni kuchaytirish zarurligi qayd etildi.
Mahallalarda kambag‘allik va ishsizlikni qisqartirishda, avvalo, ularning muammolari va “o‘sish nuqtalari”ni aniqlab, tizimli chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish topshirildi. Shuningdek, aholi murojaatlarini bevosita mahallaning o‘zida hal etishga e’tiborni kuchaytirish vazifasi qo‘yildi.
Og‘ir toifadagi mahallalar bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar ko‘rib chiqildi. Ushbu hududlarga alohida e’tibor qaratib, infratuzilma, elektr ta’minoti, internet tarmog‘i, tomorqadan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish vazifasi qo‘yildi.
Joriy yilda mamlakatimizda kambag‘allik darajasi 8,9 foizdan 6 foizga tushishi kutilmoqda. Kelgusi yilda bu ko‘rsatkichni 4,5 foizgacha qisqartirish maqsad qilingan. Bunga erishish uchun asosiy e’tibor mahallalardagi iqtisodiy muhitni jonlantirishga, aholining o‘z imkoniyatlaridan foydalanishi uchun sharoit yaratishga qaratiladi. Ya’ni faqat ish o‘rinlari yaratish bilan cheklanib qolmasdan, odamlarni turli sohalar bo‘yicha o‘qitish, tadbirkorlikka yo‘naltirish, barqaror bandlikka xizmat qiluvchi servislarni kengaytirish masalalariga urg‘u beriladi.
Shu maqsadda har bir kambag‘al oila bilan alohida ishlash, ularning real sharoitini, qobiliyatini, qiziqishini o‘rganib, individual rejalar tayyorlash muhim ahamiyat kasb etadi. Bunday yondashuv ko‘p yillar davomida umumiy dasturlar bilan yechilmagan muammolarni aniq maqsadga yo‘naltirilgan tarzda hal qilish imkonini beradi. Har bir oilaga o‘z imkonidan kelib chiqib yordam berilishi, natijada kambag‘allikdan chiqish jarayoni ham tezlashishi kutilmoqda.
Loyihaviy yondashuv doirasida ishlab chiqilayotgan dasturlar ham ana shu maqsadga qaratilganini ta’kidlash joiz. Ish beruvchilar bilan hamkorlikni kuchaytirishdan tortib, inklyuziv bandlikni rivojlantirish, mahalliy brendlar yaratish, tomorqa va yerlerden samarali foydalanish imkoniyatlarini oshirishgacha bo‘lgan tashabbuslar 1 millionga yaqin fuqaroni qamrab olishni ko‘zda tutadi. Bu dasturlar nafaqat odamlarning daromadini oshiradi, balki mahallalarning iqtisodiy yuzi, ichki imkoniyatlari va bozordagi o‘rni ham yaxshilanadi.
Mahallalarda kichik va o‘rta loyihalarni amalga oshirish esa hududlarning rivojlanish sur’atiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Chegara va anklav hududlarda infratuzilmaga investitsiya kiritish, tunu-kun ishlaydigan ko‘chalar va xizmat markazlarini barpo etish, turistik mahallalarni rivojlantirish — bularning barchasi aholi uchun doimiy daromad manbalari yaratishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, sohil va yo‘l bo‘ylaridagi infratuzilmani yaxshilash orqali hududlarning iqtisodiy jozibadorligi yanada oshadi.
Kelgusi yil uchun bandlik dasturini shakllantirish jarayonida norasmiy bandlik masalasiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Norasmiy ish egalari mehnat bozorida rasmiy himoya va kafolatlardan mahrum bo‘ladi. Shuningdek, bu holat iqtisodiyotning shaffofligiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois odamlarni rasmiy mehnatga o‘tishini yengillashtirish, bunda tadbirkorlar uchun ham qulay sharoit yaratish muhim vazifa sifatida belgilandi.
Bir so‘z bilan aytganda, Prezident tomonidan berilgan topshiriqlar mahalla tizimidagi muammolarni umumiy chora-tadbirlar bilan emas, balki aholining haqiqiy ehtiyojlarini hisobga olgan holda manzilli va aniq yechimlar orqali bartaraf etishni ko‘zda tutadi. Bu qizg‘in jarayonda har bir hududda qaysi sohada qo‘llab-quvvatlash zarurligini to‘g‘ri belgilash va shu yo‘nalishda amaliy natija beradigan mexanizmlarni joriy etish muhim hisoblanadi. Agar mazkur talablarga amal qilgan holda ish yo‘lga qo‘yilsa, kambag‘allikni qisqartirish faqat statistik ko‘rsatkichlarda emas, balki har bir oilaning kundalik turmushida, real hayotida o‘z aksini topadi.