O‘zbek-venger aloqalarini chuqurlashtirish va yuqori darajaga ko‘tarish sari muhim qadam

Vengriya O‘zbekistonning Markaziy Yevropadagi eng muhim sheriklaridan biri hisoblanadi. Ushbu mamlakat iqtisodiy jihatdan ancha jadal rivojlanayotgan agrar sanoat davlatidir. O‘zbek va venger xalqlarini mushtarak tarixiy ildizlar, yaqin hamkorlik rishtalari bog‘lab keladi.

Vengriya Bosh vaziri Viktor Orbanning taklifiga binoan davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatga borgani ikki yurt o‘rtasida o‘zaro hurmat darajasi yuqori ekanidan dalolatdir. O‘zbekiston ham, Vengriya ham o‘zaro hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekanini alohida e’tirof etish kerak.

Tashrif doirasidagi muzokaralar jarayonida turli yo‘nalishlarda, xususan, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy-texnik va madaniy-gumanitar sohalardagi munosabatlarni rivojlantirish istiqbollari keng muhokama qilindi. Tomonlar ikki mamlakat bozorlariga mahsulotlar yetkazib berishni kengaytirish, sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish, oliy ta’lim, sport, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, chorvachilik, baliqchilik, kartoshkachilik va boshqa sohalarda aniq loyihalarni amalga oshirishga kelishib oldilar.

E’tiborga molik jihati, O‘zbekiston – Vengriya ko‘p qirrali hamkorlik dasturlariga kiritiladigan mazkur kelishuvlar ijrosini ta’minlash uchun mas’ul alohida loyiha menejerlari biriktirilib, har bir bosqichni amalga oshirishni nazorat qilish mexanizmi joriy etiladi.

Shuni alohida aytish joizki, Vengriya O‘zbekistondagi biznes faoliyati ko‘lamlarini kengaytirishdan hamda O‘zbekiston iqtisodiyotining qator tarmoqlarida mavjud bo‘lgan salmoqli sanoat salohiyatidan manfaatdor. Asosiysi — bugungi kungacha yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish va kelajakda ularni uchinchi mamlakatlar bozorlariga eksport qilish maqsadida yuqori texnologiyaga asoslangan ishlab chiqarishlarni yaratishga qaratilgan qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishilganligini alohida qayd etish zarur.

Bir so‘z bilan aytganda, Prezidentimizning ushbu mamlakatga tashrifi o‘zbek-venger aloqalarini chuqurlashtirish va yuqori darajaga ko‘tarish sari muhim qadam bo‘ldi. Tashrif davomida imzolangan ikki tomonlama hujjatlar hamda ilgari surilgan tashabbuslar ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy, madaniy hamda parlamentlararo aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish