Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ashxobodda Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Prezident Mirziyoyev Turkmaniston yetakchisi va qardosh xalqni mamlakat betarafligi eʼlon qilinganining 30 yilligi bilan tabrikladi. U shuningdek, ushbu muhim sanaga bagʻishlangan xalqaro forumning yuqori saviyada tashkil etilganini va 2025-yil “Xalqaro tinchlik va ishonch yili” deb eʼlon qilinganini qayd etdi.
Uchrashuvda tomonlar Oʻzbekiston–Turkmaniston strategik sherikligini yanada kengaytirish masalalarini muhokama qildi. Yil boshidan buyon tovar ayirboshlash qariyb bir milliard dollarga yetdi. “Shovot–Toshhovuz” chegaraoldi savdo zonasi muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda, yuk tashish hajmi 30 foizga oshdi, jumladan, Turkmanboshi porti orqali yetkazib berish faollashdi.
Shuningdek, tomonlar gumanitar va hududlararo almashinuvlarni davom ettirish, Hukumatlararo komissiya, Ishbilarmonlar kengashi va Hududlar forumining boʻlajak yigʻilishlarida savdo hajmini oshirish hamda energetika, qishloq xoʻjaligi, transport va boshqa sohalarda qoʻshma loyihalarni ilgari surish choralarini muhokama qildi.