Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri lavozimiga Abdulla Aripov nomzodini ko‘rsatdi

20.11.2024 13:40
74

Prezident Yangi O‘zbekistonimiz yangi parlamenti bilan birga o‘z taraqqiyotining hal qiluvchi bosqichiga qadam qo‘yayotganini taʼkidladi. Bu yangi davrda kechagi talab va mezonlar bilan, eskicha ishlab bo‘lmasligi qayd etildi. Shu bois Hukumat o‘z faoliyatini mutlaqo yangicha asosda tashkil etishi kerak, buning uchun unga kuchli rahbar, yaʼni, Bosh vazir zarur.


Davlatimiz rahbari bu masalani atroflicha o‘ylab, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri lavozimiga Abdulla Nigmatovich Aripov nomzodini ko‘rsatishga qaror qilganini aytdi.


Abdulla Aripov katta tashkilotchilik salohiyatiga ega bo‘lgan, ijro hokimiyati tizimida boy bilim va tajriba orttirgan, masʼuliyatni doimo chuqur his etadigan rahbar ekani taʼkidlandi.


Ushbu nomzod bugun Hukumat oldiga qo‘yilgan, ko‘lami va miqyosi benihoya katta bo‘lgan muhim vazifalarni hal etishda Vazirlar Mahkamasi faoliyatini samarali tashkil qilishi, Hukumat aʼzolari, vazirlik va idoralar rahbarlarini birlashtirib, yagona maqsad sari safarbar eta olishiga ishonch bildirildi.


Prezidentimiz Abdulla Aripov nomzodini deputatlar muhokamasiga taqdim etdi.


Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Bosh vazir lavozimiga ko‘rsatilgan Abdulla Aripov nomzodini ko‘rib chiqdilar. Nomzod Vazirlar Mahkamasining yaqin muddatga va uzoq istiqbolga mo‘ljallangan harakatlar dasturini taqdim etdi. Deputatlar va fraksiyalar rahbarlari so‘zga chiqib, nomzod va dastur yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdilar.

Nomzod va Hukumatning dasturi ko‘rib chiqilgach, Bosh vazir lavozimiga nomzodni maʼqullash masalasi ovoz berishga qo‘yildi.


Yashirin ovoz berish yo‘li bilan deputatlar Abdulla Aripovni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri lavozimiga maʼqulladilar.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish