O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva Saudiya Arabistoni Podshohligining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Yusuf al-Utaybiy bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda so‘nggi yillarda ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy muloqot faollashgani, oliy va yuqori darajadagi o‘zaro tashriflar muntazam tus olgani qayd etildi. Prezidentimizning Saudiya Arabistoniga davlat tashrifi hamda xalqaro va mintaqaviy sammitlarda o‘tkazilgan uchrashuvlar strategik sheriklikni mustahkamlashga xizmat qilgani taʼkidlandi.
Suhbat chog‘ida parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Do‘stlik guruhlari faoliyatini faollashtirish, tajriba almashish va o‘zaro tashriflarni kengaytirish zarurligi qayd etildi.
Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sohalardagi amaliy natijalar alohida eʼtibor qaratildi. Jumladan, investitsiya loyihalari portfeli kengaygani, energetika, xususan, qayta tiklanuvchi energiya manbalari bo‘yicha yirik qo‘shma loyihalar amalga oshirilayotgani taʼkidlandi.
Madaniy-gumanitar hamkorlik, sog‘liqni saqlash sohasidagi qo‘shma tadbirlar, haj va umra ziyoratlarini tashkil etishda yaratilayotgan qulay shart-sharoitlar ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik va anglashuvni mustahkamlashini ko‘rsatmoqda. Shu bilan birga, O‘zbekistonda bunyod etilgan Islom sivilizatsiya markazi orqali ilmiy tadqiqotlar va xalqaro anjumanlarni o‘tkazishda hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi munosabatlarning barcha yo‘nalishlarda, shu jumladan, parlamentlararo hamkorlik sohasida izchil rivojlanayotganini qayd etdi va o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlashga tayyorligini bildirdi.