15-dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevga suv xoʻjaligida energiya samaradorligini oshirish, ilmiy salohiyatni rivojlantirish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash ishlari yuzasidan axborot berildi.
Uchrashuvda eskirgan va energiya sarfi yuqori nasos agregatlarini zamonaviy, energiya tejamkorlariga almashtirish rejasi muhokama qilindi. Masalan, Qoraqalpogʻistonda 274 ta nasos stansiyasi mavjud bo‘lib, ular orqali 185 ming gektardan ortiq yer sugʻorilmoqda. Stansiyalardagi nasoslarning yarmidan koʻpi 1979-yildan ishlatilmoqda va energiya sarfi yangi nasoslarga nisbatan 2-3 barobar yuqori.
Kegeyli tumanidagi eski agregatlardan biri yangilanishi bilan elektr energiyasi sarfi ikki barobarga kamaygan. Shu tajribadan kelib chiqib, Qoraqalpogʻistondagi 276 ta nasosni bosqichma-bosqich zamonaviy energiya tejamkor agregatlarga almashtirish rejalashtirilgan. Bu orqali yillik 25 milliard so‘m energiya tejaladi va loyiha 14 oy ichida o‘zini oqlaydi. Mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash ham muhimligi taʼkidlandi.
Shuningdek, Toshkent irrigatsiya universitetida erishilgan natijalar va kelgusidagi rejalar haqida maʼlumot berildi. Hozirda universitetda 8 682 nafar talaba tahsil olmoqda, 571 nafar professor-o‘qituvchi faoliyat yuritmoqda. Ilmiy salohiyat darajasi 73,5 foizni tashkil etadi. Universitet “THE World University Rankings 2026” reytingida dunyo universitetlari orasida 501-o‘rinni, Markaziy Osiyo va Kavkaz davlatlari orasida 2-o‘rinni, O‘zbekistonda esa 1-o‘rinni egalladi. “QS World University Rankings 2026” natijalarida esa 469-o‘ringa ko‘tarildi.
O‘tgan yilda universitet hududida 200 oʻrinli zamonaviy IT markazi barpo etildi, raqamli kutubxona va registrator ofisi ishga tushirildi. Ta’lim yo‘nalishlari besh yil muddatga xalqaro akkreditatsiyadan oʻtkazildi. O‘quv jarayoniga dunyoning TOP-300 talik universitetlarini bitirgan yurtdoshlarimiz va xorijiy professorlar jalb qilindi.
Kelgusida universitet hududida iqlim o‘zgarishini tahlil qilish uchun raqamli platforma va kosmik kuzatuv stansiyalari yaratish, sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlarini qabul qilish infratuzilmasini rivojlantirish rejalashtirilgan. Shuningdek, “Suv diplomatiyasi” magistratura yo‘nalishiga xalqaro maqom berish koʻzda tutilgan. Prezident Toshkent irrigatsiya universitetini dunyoning TOP-300 talik universitetlari qatoriga kiritish boʻyicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqishni topshirdi.
Axborot berilishida xalqaro hamkorlik masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. So‘nggi oylarda Toshkent shahrida ichimlik suvi va oqova xizmatlarini yaxshilashga bag‘ishlangan Markaziy Osiyo konferensiyasi hamda Suv kodeksining kuchga kirishiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya oʻtkazildi.
Kelgusi yil mart oyida Toshkent xalqaro suv haftaligi bo‘lib o‘tadi. Forum xalqaro institutlar va mintaqa mamlakatlari bilan hamkorlikni mustahkamlash, suv resurslaridan oqilona foydalanish va “yashil” texnologiyalarni joriy etish boʻyicha muloqot maydoni boʻlib xizmat qiladi. Shu bilan birga, Orolbo‘yi hududida suv tejash texnologiyalariga bag‘ishlangan xalqaro forumga puxta tayyorgarlik koʻrish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.