Keyingi sakkiz yilda mamlakatimizda innovatsion va kreativ fikrlaydigan zamonaviy kadrlar tayyorlash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida, yuksak ma’naviyat egalari etib tarbiyalash maqsadida ta’lim tizimini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada davlatimiz rahbari boshchiligida har yili bir necha marotaba yangi-yangi tashabbus va ustuvor vazifalar qo‘yilayapti. Eng muhimi, mazkur vazifalar shaxsan Prezidentimiz tomonidan alohida nazoratga olinadi. Shu ma’noda, bugun mamlakatimizdagi kabi ta’lim-tarbiyaga, yoshlar taqdiriga g‘amxo‘rlik ko‘rsatayotgan, katta mablag‘ yo‘naltirayotgan davlat dunyoda kam, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.
Birgina misol: Oxirgi 7 yilda maktabgacha va maktab ta’limi uchun mablag‘ 7 karra oshirilgan. Joriy yilda bunga 60 trillion so‘m yo‘naltirilgani fikrimiz tasdig‘idir.
Davlatimiz rahbari raisligida maktab ta’limi tizimidagi islohotlar samaradorligini yanada oshirish hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida boshlangan ishlarni izchil davom ettirish va sohada yechimini kutayotgan galdagi dolzarb vazifalar yuzasidan aniq tashabbuslar ilgari surildi.
Ana shunday tashabbuslardan biri bu – Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi qoshida Bolalar kontentini rivojlantirish markazi tashkil qilinganidir. Markaz bolalar tarbiyasi va sog‘lig‘iga salbiy ta’sir qiladigan axborot makonidagi kontentni tahlil qiladi. Mahalliy ijodkorlarga milliy kontent yaratish bo‘yicha buyurtma beradi, sohada kadr tayyorlashni tashkil qiladi. Qori Niyoziy instituti markazga ilmiy jihatdan ko‘maklashadi.
O‘z-o‘zidan ko‘rinib turibdiki, yosh avlodni zararli axborot xurujlaridan asrashga jiddiy e’tibor qaratish davr talabidir. Boisi, bugungi kunda virtual tahdid nihoyatda ommalashib bormoqda. O‘tkazilgan tadqiqotlar natijalari shuni ko‘rsatadiki, hozirda maktab yoshidagi bolalar internetdan tobora erta foydalanishga kirishmoqda. Lekin, mutaxassislarning fikricha, yoshi o‘nga yetmagan bola odatda mustaqil ravishda internetdan foydalanish uchun zarur bo‘lgan tanqidiy, tahliliy fikrlash va shu asosda ma’lumotlarni farqlash, ularni ajrata bilish, boshqacha aytganda, “filtrlaya” olish qobiliyatiga ega emas. Shunday ekan, ongi va dunyoqarashi endigina shakllanayotgan yosh avlodning ma’naviy olami daxlsizligini asrash oldimizda turgan eng muhim masalalardan biridir.
Shu bois bu ish bilan nafaqat yangi tuzilgan markaz, balki qaysi sohada faoliyat yuritishimizdan qat’i nazar, har birimiz har kuni, kerak bo‘lsa, har soatda shug‘ullanishimiz shart. Avvalo, oilada har bir ota-ona farzandi internet olamida nima bilan bandligini nazorat qilishi va ularga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatishi muhim, deb hisoblaymiz.
Yoshlarimizning internet manbalaridan foydalanish holatiga nazar soladigan bo‘lsak, ularning aksariyati “Facebook”, “Telegram”, “Snapchat”, “TikTok” kabi xorijiy ijtimoiy tarmoqlarning doimiy foydalanuvchilari ekanligini ko‘ramiz. Demak, bu holat milliy saytlarimizni yoshlar uchun jozibador, mazmunli, saviyali, qiziqarli qilib yaratish masalasiga jiddiy e’tibor qilish zarurligini ko‘rsatadi.
Ishonchimiz komilki, bu borada belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash orqali ko‘zlangan maqsadga erishiladi. Binobarin, videoselektor yig‘ilishida aytilgan topshiriq va tadbirlar ijrosini nazorat qilish uchun shtab tuzilishi, bu masala shaxsan Prezident nazoratida bo‘lishi ta’kidlandi.
Tuman hokimlariga har oyda tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limlari rahbarlari, maktab direktorlari va bog‘cha mudiralari bilan uchrashib, muammolarni joyida hal qilish vazifasi yuklatildi. Shuningdek, mutasaddilar bundan buyon tuman bo‘limi rahbarlarini ta’lim bilan bog‘liq bo‘lmagan birorta yig‘ilishga jalb qilib bo‘lmasligi haqida qat’iy ogohlantirildi.
Muxtasar aytganda, yosh avlod tarbiyasi biz yashayotgan XXI asrda haqiqatan ham hayot-mamot masalasiga aylanib bormoqda. Bu borada e’tiborsizlik yoki zarur choralarni ko‘rmaslik yoshlarimiz tarbiyasining izdan chiqishiga, yillar davomida tuzatib bo‘lmaydigan og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin. Shu bois, davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlashda barchamiz birdek mas’ulmiz.