Jon saqlab qolishga bagʻishlangan global sana
Har yili 14 iyun sanasi dunyo miqyosida Xalqaro qon donorlari kuni sifatida nishonlanadi. Bu sana insonparvarlik, hamdardlik va jamiyatga befarq boʻlmaslik ramzi sifatida e’tirof etiladi. Kunning asosiy maqsadi — ixtiyoriy va bepul qon topshiruvchi donorlarga tashakkur bildirish hamda keng jamoatchilikni beg‘araz donorlik aksiyasiga hissa qo‘shishdan iborat.
Kunning kelib chiqish tarixi
Xalqaro qon donorlari kuni ilk bor 2004 yilda Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (WHO), Xalqaro Qizil Xoch va Qizil Yarim Oy (IFRC), Xalqaro Transfuziologiya Jamiyati (ISBT) va Donorlar tashkiloti Federatsiyasi (FIODS) tashabbusi bilan nishonlana boshlandi. 2005 yildan esa rasmiy ravishda BMT global kalendariga kiritildi.
Bu sana tasodifan tanlanmagan:
Aynan 14 iyun 1868 yil kuni dunyoga mashhur avstriyalik immunolog va gematolog Karl Landshteyner tugʻilgan. U 1901 yilda inson qonini guruhlarga ajratish tizimini yaratgan, ya’ni A, B, AB va O qon guruhlarini aniqlagan. Bu kashfiyot transplantatsiya va qon quyish sohalarida inqilobiy oʻzgarishlarga olib kelgan va u 1930 yilda Nobel mukofoti bilan taqdirlangan.
Qon — inson organizmidagi tengsiz biologik modda boʻlib, haligacha uni laboratoriyada sun’iy yoʻl bilan tayyorlab boʻlmaydi. Shuning uchun turli jarrohlik operatsiyalari, homiladorlikdagi asoratlar, avtohalokatlar, onkologiya va qon kasalliklariga chalingan bemorlar uchun real donorlar tomonidan berilgan qon hayotiy ahamiyatga ega.
Statistik ma’lumotlarga koʻra, dunyo boʻylab har 2 soniyada bir odamga qon yoki uning tarkibiy qismlari zarur boʻladi. Bitta donor qoni 3 nafar bemorning hayotini saqlab qolishi mumkin.
Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti har yili bu sanani ma’lum bir shior ostida oʻtkazadi. Masalan, 2024 yildagi shior: "20 yillik ehson bayrami: rahmat, donorlar!"
Oʻzbekistonda ham sogʻliqni saqlash muassasalari va ixtiyoriy donorlik markazlari ushbu kun munosabati bilan aksiyalar, ma’rifiy tadbirlar, jamoatchilikni jalb etuvchi flashmoblar uyushtirishadi. Mamlakatda donorlik madaniyatini shakllantirish va qon xizmatini takomillashtirish borasidagi ishlar soʻnggi yillarda yanada jadallashdi.
Jumladan, Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi xodimlari muntazam ravishda qon topshirib, donor sifatida xayriya tadbirlarida ishtirok etadilar. Xalqaro donorlar kuni munosabati bilan bir guruh xodimlar Respublika qon quyish markaziga tashrif buyurishdi.
Sizning begʻaraz qon topshirish haqidagi qaroringiz kimningdir hayotini saqlab qolishi mumkin!