Odam savdosi – zamonaviy dunyoning ko‘zga ko‘rinmas fojiasi

30-iyul – Butunjahon odam savdosiga qarshi kurashish kuni nafaqat xotira, balki ogohlik va harakat kuni hamdir. Odam savdosi – insoniyatning eng qadimiy illatlaridan biri bo‘lib, bugun XXI asrda ham o‘z dolzarbligini yo‘qotmagan, aksincha yangi ko‘rinishlar va tahdidlar bilan dunyo sahnasida mavjud.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, har yili 2 milliondan ortiq inson odam savdosining qurboniga aylanmoqda. Ulardan 70 foizdan ortig‘ini ayollar va bolalar tashkil qiladi.


Bu ko‘rsatkichlar zamonaviy dunyo taraqqiyot sur’atlari ortida yashirin fojialar yashiringanini ko‘rsatadi. Aslida bu jinoyat, har bir mamlakatda, hattoki eng rivojlangan jamiyatlarda ham mavjud bo‘lib, u yengil ish, yaxshi daromad, chet el orzusi yoki soddalik ortiga yashiringan tuzoqdir.

O‘zbekistonning yondashuvi: qonuniy asos va amaliy chora-tadbirlar

O‘zbekiston bu borada qat’iy pozitsiyani egallagan: 2008 yilda qabul qilingan “Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonun, xalqaro konvensiyalarga qo‘shilish va milliy dasturlar – bularning barchasi fuqarolarni himoya qilishga qaratilgan. Ammo qonunlar o‘z-o‘zidan yetarli emas: odamlar huquqlarini bilmasa, qonunlar faqat qog‘ozda qoladi.

Bugun eng muhim vazifa – fuqarolarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirish. Odam savdosi har doim aldov, shartnoma ortida yashirinadi. Uning tuzog‘iga, afsuski, ko‘proq ishsizlikdan charchagan, umid va imkon izlab yurgan yoshlar, ayollar va kam ta’minlangan fuqarolar tushadi. Eng og‘ir tomoni shundaki, ko‘pincha odamlarni aldab sotayotganlar – ularning o‘z tanishlari, qarindoshlari bo‘lishi mumkin.

Bu jinoyat haqida gapirganda, biz ko‘pincha statistik raqamlarni tilga olamiz: “600 ming nafar ayol aldangan”, “7 milliard dollar daromad…” Ammo bu raqamlar ortida odamlar taqdiri, sindirilgan orzu, buzilgan hayotlar bor. Bu bolalar mehrsiz voyaga yetmoqda, ayollar majburiy mehnat yoki jinsiy ekspluatatsiyaga duchor bo‘lmoqda. 


Odam savdosi nafaqat shaxsiy fojia, balki milliy xavfsizlikka va jamiyat barqarorligiga tahdid soluvchi omildir. Bugun bu jinoyat transmilliy uyushgan guruhlar tomonidan sodir etilmoqda, u terrorizm, narkobiznes va qurol savdosi bilan chambarchas bog‘liq. Shunday sharoitda xalqaro hamkorlik, qonunchilikni kuchaytirish va asosiysi, aholini xabardor qilish – eng muhim vositalardir.

 

Jamiyatda inson sha’nini qadrlash, o‘z erkinligiga befarq bo‘lmaslik, huquqni bilish – bu odam savdosining oldini olishdagi eng kuchli qalqondir. Qonun va jazodan ko‘ra kuchliroq narsa – insonning o‘ziga bo‘lgan hurmati va hushyorligi.


Shu sababli, 30-iyul kuni – eslatma bo‘lishi kerak: odam savdosining qurboni bo‘lmaslik uchun ogoh, xabardor va ehtiyot bo‘lish zarur. Har bir ota-ona, har bir o‘qituvchi, har bir yetakchi yoshlar orasida bu mavzuda ochiq suhbat yuritishi, xabardorlikni kuchaytirishi lozim.

 

Odam savdosi – bu jinoyat emas, bu fojiadir. Va bu fojiaga qarshi kurash – faqat davlat yoki huquq-tartibot idoralarining emas, balki butun jamiyatning, har bir fuqaroning majburiyati bo‘lishi kerak.

 

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish