Yurtimiz poytaxti yana bir bor xalqaro diqqat markaziga aylandi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirokida o‘tgan IV Toshkent xalqaro investitsiya forumida 100 dan ortiq davlatdan 7,5 mingdan ziyod delegat qatnashdi. Forum doirasida strategik hamkorlik, raqamli iqtisodiyot, “yashil” energetika va moliyaviy texnologiyalar borasidagi yangi tashabbuslar ilgari surildi.
Prezidentimiz so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda barqaror energetika sohasiga qariyb 6 milliard dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb qilingan bo‘lsa, bu raqam yaqin yillarda 8 milliard dollarga yetishi kutilmoqda. Elektr energiyasi ishlab chiqarish 82 milliard kVt/soatga yetdi va 2030 yilgacha “yashil” manbalar hissasi 54%ga oshishi ko‘zda tutilmoqda.
Shuningdek, karbon birliklari savdosi, “yashil sertifikatlar” joriy etilishi va "Yashil O‘zbekiston" iqlim investitsiya platformasi yaratilishi rejalashtirilmoqda.
2025 yilda mamlakatdagi IT sohasi eksporti 1 milliard dollarga yetishi kutilmoqda. Yaqin besh yil ichida 20 ta data-markaz qurilishi va milliy sun’iy intellekt modelini ishlab chiqish rejasi e’lon qilindi. Shuningdek, "Bir million sun’iy intellekt yetakchilari" loyihasi start oldi.
Moliyaviy sektor – barqarorlik va shaffoflik sari
Jahon banki va Xalqaro valyuta jamg‘armasi O‘zbekistonning moliyaviy sektorini yuqori baholadi. Sug’urta bozori raqamlashtirildi, qayta sug’urtalash platformalari yaratildi. Venchur investitsiyalar uchun yangi qonun loyihasi ishlab chiqilmoqda va ikkita startup allaqachon 1 milliard dollarlik qiymatga yetgan.
O‘zbekiston o‘zini mineral resurslar hubi sifatida namoyon qilmoqda. 3 trillion dollarlik mineral zaxirasi asosida volfram, litiy, titan kabi strategik elementlar bilan “Kelajak metallari texnoparki” tashkil etiladi. To‘liq ishlab chiqarish zanjiri barpo etiladigan investorlarga 10 yil renta solig‘idan ozod etish taklifi bildirildi.
Poytaxtdagi aholi sonini inobatga olib, Yangi Toshkent shahri quriladi. Bu shaharda aeroport, temir yo‘l va avtomobil transporti bog‘lanadigan xalqaro xab barpo etiladi, yillik yo‘lovchi salohiyati — 20 million nafar.