Davlatimiz rahbari raisligida bo‘lib o‘tgan tibbiyot sohasidagi islohotlarning navbatdagi bosqichida turgan ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida soha rivojiga qaratilgan keng ko‘lamli hayotiy vazifa va amaliy tashabbuslar ilgari surildi. E’tiborga molik jihati – ularning ijrosi joylarda, eng avvalo, birlamchi bo‘g‘inda so‘zsiz ta’minlanishi shartligi qayd etildi.
Bu bejiz emas. Chunki, bugungi kunda qishloq vrachlik punkti, qishloq oilaviy poliklinikasi hamda shahar oilaviy poliklinikasi deb ataluvchi tibbiyot muassasalari aholiga yaqin joylashgani uchun kimdir shifo istab, kimdir tibbiy maslahat olish ilinjida ushbu muassasalarga tez-tez murojaat qiladi. Ya’ni aynan tibbiy xizmatning mana shu bo‘g‘inida xalqimizda tibbiy xizmatga, umuman mamlakat tibbiyot tizimiga nisbatan ishonch va qoniqish hissi shakllanadi. Shu bois yig‘ilishda har bir poliklinika, shifoxona, markazda odamlarni tibbiyotdan rozi qilish, qat’iy intizom o‘rnatish va madaniyat olib kirish, buning ijrosini muntazam muhokama qilib, rahbarlarning javobgarligini ko‘rib chiqish bo‘yicha mas’ullarga qat’iy vazifa qo‘yildi.
Shuningdek, yig‘ilishda birlamchi bo‘g‘inda barcha shifokor va hamshiralar faqat to‘liq stavkada ishlashi belgilandi. Poliklinikada akusher-ginekologlar soni 2 barobar ko‘paytiriladigan bo‘ldi. Har 3 ming nafar bola uchun bittadan pediatr shtati yangidan qo‘shiladi.
Tumanlardagi shifokorlik punktlari va oilaviy poliklinikalar faoliyati qamrov jihatidan ma’qullashtiriladi. Markaziy poliklinika esa tuman shifoxonasining maslahat-diagnostika bo‘limiga aylantirilishi va barcha tor soha mutaxassislari shu yerda ishlashi qayd etildi.
Ushbu tashabbuslar zamonaviy tibbiyotda kasalliklar profilaktikasi asosiy masalaga aylanayotgan bir paytda kasalliklarni erta bosqichda aniqlash imkonini yanada kengaytiradi. Ya’ni tibbiyotning birlamchi bo‘g‘ini faoliyati har tomonlama yangi bosqichga ko‘tarilsa, yurtimizda turli og‘ir darajadagi kasalliklarni erta aniqlash va unga zarur davo choralarni ko‘rish mumkin bo‘ladi. Qolaversa, davolash uchun ortiqcha resurslarni sarflash ham kamayadi. Zero, har qanday kasallikni davolagandan ko‘ra, uni oldini olgan afzal. Birlamchi tizimni jonlantirishdan ko‘zlangan maqsad ham shu.
Qolaversa, belgilangan vazifalarni tez va sifatli amalga oshirish uchun har bir vazir, hokim, deputat va senator joylardagi sharoitni o‘z ko‘zi bilan ko‘rsa, qolaversa, o‘zi va oila a’zolari o‘z hududidagi oilaviy poliklinikaga chiqib, hududiy shifoxonasida davolansa, bu islohotlarning tezroq pastga tushishiga xizmat qilishi alohida ta’kidlandi. Aytish kerakki, bu nihoyatda hayotiy va o‘rinli tashabbus bo‘ldi, desak to‘g‘ri bo‘ladi. Tan olish kerak, Respublika miqyosida sog‘liqni saqlash tizimiga katta mablag‘ ajratilayotgan bo‘lsa-da, qishloq poliklinikalarida vrach yetishmasligi, uskunalarning yoki dori-darmonning mavjud emasligi haqida murojaatlar hali hanuz mavjud. Agar shu hududdagi hokim yoki deputatning o‘zi ham shu poliklinikada ko‘rikdan o‘tsa, muammoni o‘zi his qiladi va masala darhol o‘z yechimini topadi.
Ushbu vazifalarning mohiyatiga e’tibor qaratsak, ularning har birida xalq salomatligini asrash va sog‘lom millat genofondini saqlash ko‘zda tutilganini ko‘rish mumkin. Bu vazifalarning amalga oshirilishi sog‘liqni saqlash sohasini yangi bosqichga olib chiqishga, ko‘rsatilayotgan xizmatlarning sifati yanada oshishiga va fuqarolarning tibbiy xizmatdan foydalanish qulayliklarini yanada oshirishga xizmat qiladi.