Bugungi globallashuv va raqobat sharoitida har bir mamlakat taraqqiyotini ta'minlashda investitsiyalar hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda. Zero, investitsiya – faqat moliyaviy resurs emas, balki u iqtisodiy o‘sish, yangi ish o‘rinlari yaratilishi, innovatsiya va zamonaviy texnologiyalarning joriy qilinishi, eng muhimi tinchlik va barqarorlikning kafolatidir. Shu ma’noda to‘rtinchi bor o‘tkazilgan Toshkent xalqaro investitsiya forumi mamlakatimiz uchun muhim platforma bo‘ldi. Investorlar bilan hamkorlikni kuchaytirish va O‘zbekistonning investitsiyalar uchun jozibador mamlakat sifatidagi imijini targ‘ib qilishda katta ahamiyat kasb etmoqda.
Shu nuqtai nazardan, mamlakatimiz so‘nggi yillarda investitsion muhitni yaxshilash, ochiq va shaffof iqtisodiy islohotlar orqali xalqaro hamkorlarni keng jalb etish borasida jiddiy qadamlar tashlamoqda. Davlat rahbarining ta’biri bilan aytganda, “Keling, birgalikda shunday investitsiya muhitini yarataylikki, u daromad keltirish bilan birga, inson qadrini ulug‘laydigan, uning hayotiy manfaatlarini ta’minlaydigan va jamiyat ravnaqiga xizmat qiladigan mustahkam poydevorga aylansin!”
Tan olish kerak, so‘nggi yillarda jahondagi siyosiy-iqtisodiy jarayonlar bizga bir haqiqatni yanada yaqqol ko‘rsatmoqda. Ya’ni investitsiya – bu faqat moliyaviy resurslar oqimi emas. U zamonaviy texnologiyalar, bilim va tajriba, malakali kadrlar, xalqaro ishlab chiqarish zanjiriga integratsiya va eng muhimi, barqaror taraqqiyot va tinchlikning mustahkam poydevoridir.
Mana shu nuqtai nazardan kelib chiqqan holda, O‘zbekiston investitsiya siyosatini tubdan yangilab, uni inson kapitalini rivojlantirish va milliy iqtisodiyotning global qiymat zanjirlariga bog‘lash vositasiga aylantirmoqda.
Faqat bir mamlakat doirasida emas, balki butun mintaqa miqyosida taraqqiyotni ta'minlash maqsadida O‘zbekiston tomonidan “Investitsiya va savdo uchun yahlit hudud” konsepsiyasi tashabbusi ilgari surildi. Ushbu g‘oyaning amalga oshishidan mintaqadagi barcha davlatlar manfaatdor, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Sababi, iqtisodiy aloqalar qo‘shni davlatlar o‘rtasida samarali va uzluksiz hamkorlikni taqozo etadi. Infratuzilmaviy loyihalar, umumiy bozorlar, standartlashgan reglamentlar va o‘zaro ishonch – bularning barchasi mintaqaviy barqaror rivojlanishning kafolatiga aylanadi.
Davlatimiz rahbari forumdagi nutqida xalqaro tashkilotlarga murojaat qilib, mintaqaviy loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun yangi moliyaviy mexanizmlarni yo‘lga qo‘yish vaqti kelganligini ta’kidiladi. Aytish kerakki, mazkur tashabbus Markaziy Osiyo davlatlarining umumiy kelajagini tinchlik va farovonlik makoniga aylantirishga qaratilgan amaliy qadamdir.
Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekiston tashabbusi bilan ilgari surilgan tashabbuslar, xususan “Investitsiya va savdo uchun yahlit hudud” konsepsiyasi va uning xalqaro tashkilotlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi, butun Markaziy Osiyo uchun strategik ahamiyatga ega. Agar hamjihatlikda harakat qilinsa, kelgusida mintaqamiz savdo va sarmoyalash uchun ochiq, siyosiy va iqtisodiy jihatdan barqaror, eng muhimi – tinchlik va farovonlik makoniga aylanadi.