Yangi O‘zbekiston bunyodkori - yoshlar

Har qanday davlatning ertangi kuni, kelajagi bugungi yoshlarga, ularning bilim va tafakkuriga, ilmiy salohiyatiga har jihatdan bog‘liq. Binobarin, ayni kunlarda maktab partasida o‘tirgan, texnikum yoki oliygohda o‘qiyotgan, ustozidan hunar o‘rganayotgan navqiron yigit-qizlar ertaga o‘z kasbining egasi, yetuk kadrlar bo‘lib yetishadi, mamlakat taraqqiyotiga sezilarli hissa qo‘shadigan avlodga aylanadi.

Bir so‘z bilan aytganda, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, yangilanishlarda faol qatnashayotgan, bemisl o‘zgarishlarni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib-bilib ulg‘ayayotgan yoshlar – Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari, desak yanglishmagan bo‘lamiz.

Aholisining yarmidan ko‘pini aynan yoshlar tashkil etadigan yurtimizda bu borada salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Joriy yil 30 iyun kuni Prezidentimizning yoshlar bilan muloqoti chog‘ida ham shu jihatlarga alohida e’tibor qaratilgani bejiz emas. Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, yoshlarning ilmiy salohiyati va bilim darajasini oshirish bugungi davlat siyosatining asosiy ustuvorligiga aylangan. Bugungi kunda yurtimiz yoshlari dunyodagi eng nufuzli oliygohlarda – “TOP-10”, “TOP-100” va “TOP-300” ro‘yxatlaridagi universitetlarda tahsil olmoqda. Bu esa ta’lim sifatining ortishi, xalqaro standartlar asosidagi tayyorgarlik tizimining samaradorligini ko‘rsatadi.

Xususan, Garvard, Yel, Kolumbiya, Kornel kabi universitetlarga yo‘l ochish maqsadida eng iqtidorli 3 ming o‘quvchini tayyorlash dasturi yo‘lga qo‘yildi. Buning evaziga, kam ta’minlangan oilalar farzandlariga ham imkoniyatlar yaratiladi. Endi “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali “TOP-300” oliygohlarda o‘qish xarajatlarini qoplash tizimi ham amalga oshiriladi.

Darhaqiqat, bugun yoshlarning kamoloti yo‘lida katta ishlar bajarilmoqda, ular bilan ishlashda yangicha tizim yo‘lga qo‘yilib, quvonarli natijalarga erishilmoqda. Ta’kidlash kerakki, sohada amalga oshirilayotgan barcha ishlarning bosh maqsadi – yurtimiz yoshlarini ma’rifatli qilish, ularning ilmiy salohiyatini yuksaltirish, dunyoqarashini kengaytirish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalashdan iborat. Shu asosda ularning har biri hayotda o‘z o‘rnini topishi, axloqiy, jismoniy, intellektual, ijodiy jihatdan rivojlanishi, mamlakat taraqqiyoti va jamiyat rivoji uchun daxldorlik xislatlarini kamol toptirishdir.

Muloqotda davlatimiz rahbari tomonidan yoshlar qalbi va tafakkurini ma’naviyat bilan boyitish masalasi doimo ustuvor vazifa sifatida tilga olindi.

Yosh avlodda vatanga muhabbat, sadoqat, o‘zlikni anglash va milliy qadriyatlarga hurmat tuyg‘ularini mustahkamlash ma’naviy tarbiyaning asosiy yo‘nalishidir. Bu borada “Millat fidoyilari” monumenti kabi loyihalar alohida ahamiyat kasb etadi. Poytaxtimizdagi “G‘alaba bog‘i”da el-yurtimiz tinchligi yo‘lida jonini fido qilgan mard yurtdoshlarimizning nomlarini abadiylashtirish yoshlarda vatanparvarlik va fidokorlik tuyg‘usini uyg‘otadi. Bu nafaqat xotira, balki ma’naviy saboq, ibrat va turmush maktabidir.

Ta’kidlanganidek, yoshlarni ma’naviy kamolotga yetkazishda kitobsevarlik, san’at va madaniyatning o‘rni beqiyos. Mehr-muruvvatli, keng dunyoqarashli, o‘ziga va boshqalarga hurmat bilan munosabatda bo‘ladigan avlod tarbiyalashda adabiyot, musiqa, teatr va boshqa ma’naviy vositalar asosiy omil sifatida qaralmoqda. Tanlovlarda g‘olib bo‘lganlar chekka hududlardagi maktablarda chiqish qilishi, ijodkor yoshlarning ko‘rgazmalari, teatr safarlari, yosh san’atkorlarning rag‘batlantirilishi – bularning barchasi ma’naviy hayotni jonlantirishga xizmat qilmoqda.

Shuningdek, yoshlar madaniyat va san’at sohalaridagi iqtidorini ro‘yobga chiqarishi uchun oliy ta’limga kirishda berilgan imtiyozlar, “Iqtidor” ansambli g‘oliblarining maxsus musiqa maktablarida bepul o‘qishi kabi tashabbuslar ham madaniy o‘sishni qo‘llab-quvvatlaydi. Bu siyosat jamiyatda estetik va ma’naviy qadriyatlarni mustahkamlaydi, yoshlarni har tomonlama yetuk shaxs qilib tarbiyalashga yo‘naltirilgan.

Umuman olganda, yoshlarimizni ma’naviy-axloqiy kamol toptirish, ma’rifatli qilish, ularning ertaga “butun shaxs”lar bo‘lib yetishishlari yo‘lida keng ko‘lamli ishlar qilinmoqda. Yoshlarimiz esa bunday imkoniyatlardan unumli foydalanib, Yangi O‘zbekistonning ravnaqiga munosib hissa qo‘shishiga ishonamiz.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish