Prezident Shavkat Mirziyoyev 1-dekabr kuni eksport salohiyatini oshirish va tadbirkorlarning davlat xizmatlaridan foydalanishini soddalashtirish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.
Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston 2030-yilga qadar eksport hajmini 45 milliard dollarga yetkazishni rejalashtirgan. Bu maqsadga erishish uchun an’anaviy bozorlar bilan cheklanmasdan, yuqori daromad keltiradigan yangi bozorlarga chiqish zarurligi ta’kidlandi.
Shu yo‘nalishda tashqi bozorlardagi talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar va iste’mol segmentlari chuqur tahlil qilindi. Natijada qurilish materiallari, yengil sanoat, elektrotexnika, oziq-ovqat, maishiy kimyo, mashinasozlik hamda metall mahsulotlari eksportini oshirish uchun mamlakatda katta imkoniyatlar borligi aniqlandi.
Taqdimotda istiqbolli davlatlar bilan imtiyozli savdoni yo‘lga qo‘yish, savdo-iqtisodiy aloqalarni faollashtirish, shuningdek, eksport-import hajmi oshishiga mos ravishda chegara o‘tkazish punktlari infratuzilmasi va quvvatini kengaytirish zarurligi qayd etildi.
Mas’ullar tomonidan mahsulotlarning tashqi bozorlardagi o‘rni, talab yuqori bo‘lgan tovarlar, xorijiy sheriklar bilan amalga oshirilayotgan loyihalar hamda eksportni diversifikatsiya qilish bo‘yicha bajarilayotgan ishlar yuzasidan axborot berildi. Prezident mavjud salohiyatdan to‘liq foydalanish, yangi bozorlarni ochish va tashqi savdo tartiblarini soddalashtirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Shuningdek, bugungi kunda tadbirkorlarga 81 ta davlat idorasi tomonidan 739 turdagi xizmat ko‘rsatilayotgani, biroq ularning 576 tasi tarqoq holda tashkil etilgani sababli tadbirkorlar ko‘p vaqt va kuch sarflayotgani ta’kidlandi. Masalan, go‘sht mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun 17 bosqichdan o‘tib, 10 ta idoraga murojaat qilish talab etiladi.
Bundan tashqari, buxgalteriya, soliq, eksport va sertifikatlash bo‘yicha maslahat xizmatlarini ko‘rsatadigan yagona integratsiyalashgan servis maydoni mavjud emasligi qayd etildi. Bu xizmatlarni banklar, sug‘urta kompaniyalari, birja, logistika operatorlari va biznes ta’limi tizimlari bilan birlashtirish mumkinligi bildirildi.
Shu munosabat bilan tadbirkorlar uchun barcha davlat va xususiy xizmatlarni bir joyga jamlaydigan “Biznes hamroh” markazlarini tashkil etish taklif qilindi. Rejaga ko‘ra, Savdo-sanoat palatasi huzurida faoliyat yuritadigan bu markazlarda xizmatlar “yagona darcha” tamoyili asosida, yagona elektron platforma orqali ko‘rsatiladi. Shuningdek, tadbirkorlarning murojaatlariga tun-u kun javob beradigan koll-markaz ishga tushiriladi.
Prezident ushbu tashabbusni ma’qullab, markazlar tadbirkorlik subyektini tashkil etishdan tortib, mahsulot ishlab chiqarish, sotish va eksport qilishgacha bo‘lgan barcha jarayonlarni qamrab olishi zarurligini ta’kidladi. Mas’ullarga tegishli vazifalar yuklatildi.