Davlatimiz rahbari raisligida joriy yilning birinchi choragi yakunlari yuzasidan keng qamrovli videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda iqtisodiy ko‘rsatkichlar tarmoqlar va hududlar kesimida chuqur tahlil qilinib, erishilgan natijalar bilan bir qatorda mavjud muammolar ham tanqidiy ruhda ko‘rib chiqildi. Yig‘ilishda men ham ishtirok etdim va muhokamalarning ochiq, tahliliy va talabchan ruhda o‘tganiga guvoh bo‘ldim.
Qayd etilganidek, mamlakatimizda iqtisodiy o‘sish sur’atlari ijobiy dinamikaga ega bo‘lib, bir qator sohalarda barqaror rivojlanish ta’minlanmoqda. Biroq shu bilan birga, mavjud imkoniyatlardan to‘liq foydalanilmayotgani, ayrim hududlar va tarmoqlarda sustkashlik, tashabbussizlik holatlari saqlanib qolayotgani keskin tanqid qilindi. Shu nuqtai nazardan barcha darajadagi rahbarlar oldiga yangicha fikrlash, natijaga yo‘naltirilgan boshqaruv usullarini joriy etish va shaxsiy mas’uliyatni oshirish bo‘yicha qat’iy talablar qo‘yildi.
Yig‘ilishda tadbirkorlikni rivojlantirish va investitsiyalarni jalb etish masalalari alohida e’tibor markazida bo‘ldi. Mamlakatimizda kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun katta moliyaviy resurslar ajratilayotganiga qaramasdan, ayrim hududlarda ushbu mablag‘lardan samarali foydalanilmayotgani, kreditlar iqtisodiy samarasi past bo‘lgan loyihalarga yo‘naltirilayotgani tanqid qilindi. Shu bois kredit ajratish tizimini takomillashtirish, risklarni baholash va loyihalar samaradorligini aniqlashda zamonaviy yondashuvlarni joriy etish, jumladan raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish vazifasi belgilab berildi. Xususan, “Sun’iy intellekt maslahatchisi” platformasini ishga tushirish orqali tadbirkorlarga aniq va tezkor tavsiyalar berish, moliyaviy qarorlarning sifatini oshirish maqsad qilinmoqda.
Investitsiya siyosatida esa miqdordan ko‘ra sifatga ustuvor ahamiyat qaratilishi lozimligi alohida ta’kidlandi. Ya’ni har bir jalb etilgan sarmoya yangi ish o‘rinlari yaratish, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulot ishlab chiqarish va eksport salohiyatini oshirishga xizmat qilishi shart. Bu esa iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish va uning raqobatbardoshligini oshirishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Qishloq xo‘jaligi sohasi ham tanqidiy tahlil qilindi. Ayrim hududlarda ekin ekish ishlarining sust tashkil etilgani, kartoshka, ozuqa va boshqa strategik ekinlar bo‘yicha rejalar to‘liq bajarilmayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Shu bilan birga, sohada resurslar yetarli ekani, asosiy muammo — boshqaruv va tashkilotchilikda ekani qayd etildi. Shu munosabat bilan agrotexnologiyalarni joriy etish, suv va yer resurslaridan samarali foydalanish, chorvachilikni rivojlantirish va ichki bozorni barqaror ta’minlash bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi. Ayniqsa, importga qaramlikni kamaytirish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash ustuvor vazifa sifatida belgilandi.
Sanoat va eksport yo‘nalishlarida ham jiddiy talablar qo‘yildi. Ayrim tuman va shaharlarda sanoat ishlab chiqarishi hajmi va eksport ko‘rsatkichlarining pastligi tanqid qilinib, har bir korxona bilan manzilli ishlash zarurligi ta’kidlandi. Eksportni moliyalashtirish, tashqi bozorlarni o‘rganish va yangi yo‘nalishlarni ochish bo‘yicha kompleks yondashuv joriy etish muhim vazifa sifatida belgilandi. Shuningdek, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish maqsadida zamonaviy boshqaruv usullari — “kayzen” va “lean production” tamoyillarini keng joriy etish, sanoat zonalarida bo‘sh turgan maydonlarni qisqa muddatda investitsiya loyihalari bilan to‘ldirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.
Yig‘ilishda, shuningdek, har bir hududning ichki imkoniyatlarini to‘liq safarbar etish, mahalliy resurslar asosida yangi loyihalarni amalga oshirish, aholi bandligini ta’minlash va daromadlarini oshirish masalalariga alohida urg‘u berildi. Bu borada hudud rahbarlarining tashabbuskorligi, mas’uliyati va amaliy natijaga yo‘naltirilgan ish uslubi hal qiluvchi ahamiyat kasb etishi qayd etildi.
Umuman olganda, videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalar iqtisodiyotni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqish, barqaror va inklyuziv o‘sishni ta’minlash, eng muhimi, aholi farovonligini oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Qat’iy intizom, zamonaviy yondashuv va shaxsiy mas’uliyat asosida ushbu vazifalarni amalga oshirish mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichini ta’minlaydi.