Yangi O‘zbekiston xalqaro hamkorlik va ishonchli muloqot maydoniga aylanmoqda

04.05.2026 14:12
1978

Yer yuzining sayqali Samarqand shahri may oyi boshida yana bir bor sivilizatsiyalar chorrahasi sifatida xalqaro hamjamiyat e’tiborini o‘ziga qaratdi. Xabaringiz bor, bu yerda Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 59-yillik yig‘ilishi o‘tkazildi. Hech shubhasiz, bu Prezidentimiz tomonidan mamlakatimizni xalqaro hamkorlik va ishonchli muloqot maydoniga aylantirish borasida olib borilayotgan ochiq va pragmatik siyosatning amaliy ifodasidir.

Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, Yangi O‘zbekiston xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalarni muhokama qilish uchun tobora muhim maydonga aylanib bormoqda. Ochiq bozor iqtisodiyotiga ega va izchil islohotlarni amalga oshirayotgan Yangi O‘zbekiston butun Osiyo-Tinch okeani mintaqasi rivojlanish trayektoriyasini belgilab beruvchilarni munosib kutib olmoqda.

Forumda Yangi O‘zbekiston islohotlar yo‘lining samaradorligiga oid aniq dalillar keltirildi. 2016-yildan buyon mamlakat iqtisodiyotiga 150 milliard dollar xorijiy investitsiyalar jalb qilindi. YAIM hajmi 50 milliarddan 147 milliard dollargacha, tovar va xizmatlar eksporti esa uch barobarga oshdi. Kambag‘allik darajasi deyarli 35 foizdan 5,8 foizgacha pasaydi. Bu 8,5 million nafar muhtoj fuqaroning daromadlari sezilarli darajada oshirilganini anglatadi.

Xalqaro moliyaviy hamjamiyat ham bu o‘zgarishlarni alohida e’tirof etmoqda. 2020-yildan buyon mamlakat suveren kredit reytinglarini izchil yaxshilab bormoqda.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston OTBga a’zo bo‘lganiga o‘ttiz yil bo‘ldi. O‘tgan fursat mobaynida hamkorlik alohida infratuzilmaviy qarzlardan to‘laqonli strategik sheriklikka aylandi. Ayniqsa, 2016-yildan boshlab munosabatlarda sifat jihatidan burilish davri bo‘ldi, desak to‘g‘ri bo‘ladi.

Bugungi kunda amalga oshirilgan va davom etayotgan loyihalarning umumiy portfeli qariyb 16 milliard dollarga yetdi. 2025-yilda esa yillik majburiyatlar hajmi rekord darajada - 1,4 milliard dollardan oshdi. Ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha O‘zbekiston Bankning mintaqadagi yirik hamkorlari qatoriga kirdi.

Bu hamkorlikning aniq natijalari fuqarolarning kundalik hayotida ham yaqqol sezilmoqda. Xususan, o‘zaro ishonch asosida yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik natijasida 1 400 kilometrdan ortiq temir yo‘l va 1 700 kilometr avtomobil yo‘llari modernizatsiya qilindi. 4 ming kilometr suv ta’minoti tarmoqlarida ishlar yakunlanib, 750 ga yaqin ta’lim muassasasi yangilandi.

Ushbu raqamlar ortida sifatli ta’lim, toza ichimlik suvi va zamonaviy infratuzilma imkoniyatiga ega bo‘lgan minglab oilalar turibdi. Zotan, iqtisodiy o‘sish faqat odamlarning hayotini yaxshilagandagina haqiqiy ma’no kasb etadi.

Yig‘ilish doirasida umumiy qiymati 12,5 milliard dollarlik “O‘zbekiston - OTB 2030-yilgacha” yangi hamkorlik dasturi imzolanganini alohida e’tirof etish joiz. Ushbu hujjat infratuzilma, davlat boshqaruvi islohotlari, xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari va inson kapitalini rivojlantirishni qamrab olgan batafsil ishlab chiqilgan “yo‘l xaritasi”dir.

E’tiborga molik jihati, Prezidentimiz ushbu nufuzli forumda so‘zlagan nutqida ushbu nufuzli bank bilan hamkorlikning to‘rtta strategik ustuvor yo‘nalishini belgilab berdi. Ilgari surilgan muhim tashabbuslar esa nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasining uzoq muddatli o‘sishi uchun asos yaratib, o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirishga xizmat qiladi.

Davlatimiz rahbari tashabbuslarining hayotga izchil tatbiq etilishi O‘zbekistonni 2030-yilga borib iqtisodiyotning barcha tarmoqlarini texnologik o‘sish modeliga o‘tkazgan holda, daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoriga kirishiga imkon yaratadi. Mamlakatimiz bugun aynan shu ezgu maqsad yo‘lida sobitqadam bo‘lib bormoqda.

 
 
Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish