O‘zbekistonda ipakchilik tarmog‘ini rivojlantirish, pilla yetishtirish va qayta ishlash samaradorligini oshirish masalalari Senatning 16-yalpi majlisida muhokama qilindi. Muhokamalar yakunida ushbu yo‘nalishdagi dolzarb muammolar yuzasidan Hukumatga parlament so‘rovi yuborish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda ipakchilikni rivojlantirish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirildi. Xususan, pilla yetishtirish va qayta ishlash hajmini oshirish hisobiga 470 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratildi. Fermer xo‘jaliklari dalalari chetlari, ariq-zovurlar bo‘ylari hamda o‘rmon xo‘jaligi yerlarida 29,2 million tup tut ko‘chatlari ekildi. Joriy yilda 30,1 ming tonna pilla yetishtirish va eksport hajmini 120 million dollarga yetkazish rejalashtirilgan.
Biroq senatorlar ta’kidlaganidek, sohada hal etilishi lozim bo‘lgan qator tizimli muammolar saqlanib qolmoqda. Xususan, respublikadagi 54 ming gektar tutzorlarning 15 ming gektardan ortig‘i eskirgan va hosildorligi past. Bu esa pilla yetishtirish hajmi va sifatiga bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda.
Mutaxassislar fikricha, pilla parvarishlashda ilmiy asoslangan innovatsion texnologiyalar yetarli darajada joriy etilmayapti. Mahsulot yetishtiruvchilarning zamonaviy bilim va ko‘nikmalari yetishmasligi, qurt boqish xonalarining sanitariya talablariga to‘liq javob bermasligi, oziqlantirish va saqlash jarayonlarining eskirgan usullarda olib borilishi hosildorlikni cheklab qo‘ymoqda.
Yana bir muhim masala - mahalliy urug‘chilikning sust rivojlanganidir. Joriy yilda parvarish qilinadigan 501 ming quti ipak qurti urug‘ining 150 mingtasi yoki qariyb 30 foizi import hisobiga ta’minlanmoqda. Bu esa sohaning tashqi bozorlarga qaramligini saqlab qolmoqda.
Shuningdek, mamlakatimizda pilla xomashyosini chuqur qayta ishlash darajasi ham pastligicha qolmoqda. Hozirda yetishtirilayotgan pilla mahsulotining atigi 30 foizi chuqur qayta ishlanmoqda. Natijada yuqori qo‘shilgan qiymatli tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish imkoniyatlari to‘liq ishga solinmayapti.
Senat Hukumatga yuboriladigan parlament so‘rovida tutzorlarni rekonstruksiya qilish, hosildor navlarni ko‘paytirish, mahalliy va kasalliklarga chidamli ipak qurti zotlarini yaratish, ilmiy tadqiqotlarni amaliyotga joriy etish hamda sifat sertifikatlash tizimini takomillashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.
Bundan tashqari, zamonaviy agrotexnologiyalarni keng joriy etish, pilla mahsulotlarini chuqur qayta ishlash ulushini oshirish, eksportbop va yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish ham ustuvor vazifa sifatida belgilandi.
Ekspertlarning ta’kidlashicha, ipakchilik nafaqat qishloq xo‘jaligi tarmog‘i, balki aholi bandligini ta’minlash, eksport hajmini oshirish va milliy brendlarni rivojlantirishning muhim manbalaridan biri hisoblanadi. Shu bois sohada mavjud muammolarni bartaraf etish va zamonaviy yondashuvlarni joriy etish O‘zbekistonning jahon ipak bozoridagi raqobatbardoshligini yanada oshirishga xizmat qiladi.