O‘zbekistonda shovqinning zararli ta’siridan himoya qilish tizimi kuchaytiriladi

Senatning 16-yalpi majlisida “Aholini shovqinning zararli ta’siridan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonun ko‘rib chiqilib, senatorlar tomonidan ma’qullandi. Mazkur hujjat mamlakatimizda fuqarolarning sog‘lig‘i, osoyishtaligi va normal dam olishini ta’minlashga qaratilgan muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.

 

So‘nggi yillarda sanoat korxonalari sonining ortishi, yirik qurilish ishlari, shaharlarning kengayishi va transport vositalari ko‘payishi natijasida shovqinning salbiy ta’siri sezilarli darajada kuchaymoqda. Mutaxassislar ta’kidlashicha, shovqin nafaqat insonning eshitish qobiliyatiga, balki ruhiy holati, asab tizimi va yurak-qon tomir faoliyatiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Doimiy yuqori shovqin mehnat unumdorligini 10–30 foizgacha pasaytirishi mumkin.

 

Ayniqsa, maktablar va bog‘chalar atrofidagi yuqori shovqin bolalarning ta’lim sifati va salomatligiga salbiy ta’sir qilishi ilmiy jihatdan isbotlangan.

 

Bugungi kunga qadar shovqinning zararli ta’sirini tartibga soluvchi 7 ta sanitariya norma va qoidalari amal qilib kelayotgan bo‘lsa-da, bu sohada yagona va kompleks huquqiy hujjat mavjud emas edi. Natijada amaldagi me’yorlarga qat’iy rioya etilishini ta’minlash, shovqin me’yorlarini buzgan subyektlarni javobgarlikka tortish hamda mas’ul organlarning vakolatlarini aniq belgilashda qator muammolar yuzaga kelayotgan edi.

 

Yangi qonun aynan shu huquqiy bo‘shliqlarni bartaraf etishga qaratilgan. U bilan aholini shovqinning zararli ta’siridan himoya qilishning umumiy qoidalari, davlat organlarining vakolatlari, nazorat mexanizmlari va profilaktika choralari belgilanmoqda. Vakolatli organ sifatida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi faoliyat yuritadi hamda Ichki ishlar vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa mas’ul idoralar bilan hamkorlik qiladi.

 

Qonunda fuqarolarning osoyishtaligi va normal dam olishini buzadigan harakatlar, shovqinning ta’sir qilish me’yorlari, transport vositalari va texnik qurilmalar uchun qo‘yiladigan talablar, shuningdek, shovqin orqali atrof-muhitga zarar yetkazilgan hollarda kompensatsiya to‘lovlarini undirish mexanizmlari nazarda tutilmoqda. Shu bilan birga, jismoniy va yuridik shaxslarning ushbu sohadagi huquq hamda majburiyatlari ham aniq belgilanmoqda.

 

Qonun ayrim holatlarga nisbatan tatbiq etilmaydi. Jumladan, tabiiy shovqinlar, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish bilan bog‘liq ishlar, tez tibbiy yordam va jamoat xavfsizligini ta’minlash choralari, milliy bayramlar, ommaviy sport va madaniy tadbirlar hamda diniy marosimlar natijasida yuzaga keladigan shovqinlar bundan mustasno hisoblanadi.

 

Qaysi holatlarga qonun tatbiq etilmaydi?

 

Qonun ayrim holatlarga nisbatan qo‘llanilmaydi. Jumladan:

 

  • - tabiiy shovqinlar;

  •  
  • - favqulodda vaziyatlarning oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish bilan bog‘liq shovqinlar;

  •  
  • - tez tibbiy yordam va jamoat xavfsizligini ta’minlash choralari;

  •  
  • - milliy bayramlar;

  •  
  • - ommaviy sport va madaniy tadbirlar;

  •  
  • - diniy marosimlar davomida yuzaga keladigan shovqinlar.

 

“Aholini shovqinning zararli ta’siridan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonun davlat nazorati va monitoring tizimini yanada takomillashtirib, shovqin darajasini o‘lchash, baholash hamda nazorat qilishning yagona tizimini shakllantirishga zamin yaratadi.

 

Mazkur qonun nafaqat shovqinning salbiy oqibatlarini kamaytiradi, balki davlat organlari, tadbirkorlik subyektlari va fuqarolarning mas’uliyatini oshirish orqali yanada qulay va xavfsiz yashash muhitini yaratishga xizmat qiladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish