“Toshkent xalqaro moliya markazi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun muhokama qilindi

Oliy Majlis Senatining yalpi majlisida “Toshkent xalqaro moliya markazi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun muhokama qilindi. Mazkur hujjat O‘zbekistonda xalqaro moliya infratuzilmasini shakllantirish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish va mamlakatning mintaqaviy moliyaviy markaz sifatidagi o‘rnini mustahkamlashga qaratilgan.

 

Qonun loyihasiga ko‘ra, Toshkent xalqaro moliya markazining huquqiy maqomi, boshqaruv tizimi, vakolatlari va institutsional tuzilmasi belgilanadi. Shuningdek, markaz hududida investorlar uchun huquqiy barqarorlik hamda ishonchli sud himoyasini ta’minlash mexanizmlari joriy etilishi nazarda tutilmoqda.

 

Loyihadagi eng muhim yangiliklardan biri – moliya markazi ishtirokchilari uchun alohida huquqiy va tashkiliy sharoitlar yaratilishidir. Xususan, markaz rezidentlariga xorijiy valyutada hisob-kitoblarni amalga oshirish, chet ellik mutaxassislarni ishga jalb qilish hamda viza olishda soddalashtirilgan tartiblarni qo‘llash imkoniyati berilishi ko‘zda tutilgan.

 

Bundan tashqari, investorlar huquqlarini himoya qilish maqsadida Toshkent xalqaro tijorat sudini tashkil etish rejalashtirilgan. Ushbu sud xalqaro biznes nizolarini ko‘rib chiqishda muhim institutga aylanishi kutilmoqda.

 

Biroq Senat muhokamalari davomida ayrim normalar qo‘shimcha takomillashtirishni talab qilishi ta’kidlandi. Jumladan, xalqaro tijorat sudi sudyalariga qo‘yiladigan talablar, sudning xalqaro arbitraj ishlari va ma’muriy-huquqiy nizolarni ko‘rish vakolatlari, shuningdek, Konstitutsiya va qonunlarga sharh berish masalalari yuzasidan qo‘shimcha aniqlik kiritish zarurligi qayd etildi.

 

Senatorlar fikricha, mazkur normalarning puxta ishlab chiqilishi investorlar huquqlarining ishonchli himoyasini ta’minlash va Toshkent xalqaro moliya markazining xalqaro maydondagi raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.

 

Muhokamalar yakunida Senat Konstitutsiyaviy qonunni rad etmadi, biroq uni takomillashtirish bo‘yicha takliflar bilan Qonunchilik palatasiga qaytarishga qaror qildi. Shu maqsadda senatorlar va deputatlardan iborat kelishuv komissiyasi tuziladi hamda manfaatdor davlat organlari ishtirokida hujjat qayta ishlab chiqiladi.

 

Bu esa qonun loyihasi investitsiyaviy jozibadorlik va investorlar manfaatlarini maksimal darajada ta’minlaydigan, xalqaro standartlarga mos mukammal huquqiy hujjat sifatida shakllantirilishidan dalolat beradi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish