O‘zbekistonda sud hokimiyati mustaqilligini ta’minlash va fuqarolarning odil sudlovga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga qaratilgan islohotlar izchil davom etmoqda. Senatning 16-yalpi majlisida muhokama qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun ana shu yo‘nalishdagi navbatdagi muhim qadam bo‘ldi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 136-moddasida sudyalar mustaqil ekani, ular faqat Konstitutsiya va qonunga bo‘ysunishi hamda sud faoliyatiga har qanday aralashuv javobgarlikka sabab bo‘lishi qat’iy belgilangan. Mazkur qonun aynan ushbu konstitutsiyaviy normalarni amaliyotga joriy etishga qaratilgan.
Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, sud tizimini isloh qilish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilayotganiga qaramay, sudlar faoliyatiga noqonuniy aralashuv holatlari hanuz uchrab turibdi. Xususan, 2024-yilda sudlarga turli shakllarda bosim o‘tkazish bilan bog‘liq 80 dan ortiq holat qayd etilgan bo‘lsa, 460 ta holatda sudlar faoliyatini obro‘sizlantirishga urinishlar kuzatilgan. 2025-yilda esa sudlarga bosim o‘tkazish bilan bog‘liq holatlar soni 90 tadan oshgan, sudlar faoliyatini obro‘sizlantirish bilan bog‘liq 314 ta holat aniqlangan.
Mutaxassislar fikricha, bu raqamlar sud hokimiyatining mustaqilligini ta’minlash borasidagi huquqiy mexanizmlarni yanada kuchaytirish zarurligini ko‘rsatadi. Shu bois yangi qonun bilan ikki muhim yo‘nalishda o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Birinchidan, Jinoyat kodeksiga sud ishlarini hal etishga aralashganlik uchun jinoiy javobgarlik choralarini aniq belgilovchi normalar kiritilmoqda. Mazkur o‘zgartirishlar sud qarorlariga noqonuniy ta’sir ko‘rsatishga urinishlarning oldini olishga xizmat qiladi.
Ikkinchidan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga sud binosida tartibni buzish va sudga hurmatsizlik qilish bilan bog‘liq harakatlar uchun ma’muriy javobgarlik choralarini belgilovchi normalar kiritilmoqda. Bu esa sud majlislarida tartib-intizomni mustahkamlash va odil sudlov jarayonining daxlsizligini ta’minlashga xizmat qiladi.
E’tiborlisi, mazkur qonun avvalroq Senat tomonidan qayta ko‘rib chiqish uchun Qonunchilik palatasiga qaytarilgan edi. Kelishuv komissiyasi doirasida barcha e’tirozlar qayta ko‘rib chiqildi va hujjat takomillashtirildi. Natijada qonunda faqat eng dolzarb masalalar - sud mustaqilligi va sudyalar daxlsizligini ta’minlashga qaratilgan normalar saqlab qolindi.
Qonunni ishlab chiqishda Rossiya, Qozog‘iston, Ozarbayjon, Armaniston, Gruziya va Belarus kabi davlatlarning tajribasi ham o‘rganildi. Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, rivojlangan huquqiy tizimlarda sudga hurmatsizlik va odil sudlovga aralashuv uchun qat’iy javobgarlik choralari mavjud.
Ekspertlarning ta’kidlashicha, ushbu qonunning qabul qilinishi sudyalar daxlsizligini mustahkamlash, ularning faoliyatiga noqonuniy aralashuvlarning oldini olish hamda fuqarolarning sud tizimiga bo‘lgan ishonchini oshirishga xizmat qiladi. Zero, mustaqil va xolis sud tizimi huquqiy davlatning eng muhim tayanchlaridan biri hisoblanadi.