Oliy Majlis Senatining yalpi majlisida ov qilish va ovchilik xo‘jaliklari faoliyatini yanada takomillashtirishga qaratilgan qonun ma’qullandi. Mazkur hujjat sohada yagona va shaffof huquqiy mexanizmlarni yaratish, noqonuniy ov qilish holatlarining oldini olish hamda yovvoyi hayvonlar resurslaridan oqilona foydalanishni ta’minlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda biologik xilma-xillikni saqlash, hayvonot dunyosini muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Shu bilan birga, tahlillar ovchilik sohasida qator muammolar mavjudligini ko‘rsatmoqda.
Xususan, ov resurslaridan foydalanishda yagona va shaffof hisob tizimi to‘liq shakllanmagan. Ayrim ovchilik xo‘jaliklarida shartnomalar qonun talablariga zid ravishda tuzilgan, texnik-iqtisodiy asosnomalar ishlab chiqilmagan. Ayrim hududlarda noqonuniy ov qilish holatlari hamon uchramoqda.
Masalan, Andijon, Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo, Namangan, Surxondaryo va Xorazm viloyatlarida ovchilar tomonidan foydalanilgan qariyb 10 mingta ov yo‘llanmasi qaytarilmagani aniqlangan. Shuningdek, 2025-yilda 18 ta ovchilik xo‘jaligining 433 ming gektar ov hududlari bo‘yicha tuzilgan shartnomalar muddati tugaganiga qaramay, ayrim holatlarda noqonuniy ravishda ov qilish va ruxsatnomalar sotish holatlari kuzatilgan.
Yangi qonun aynan ana shu muammolarni bartaraf etishga qaratilgan. Eng avvalo, ovchilik sohasi bosqichma-bosqich raqamlashtiriladi. Endilikda ovchilik guvohnomalari davlat xizmatlari orqali, ov yo‘llanmalari esa maxsus elektron dastur yordamida beriladi. Bu hujjatlarni rasmiylashtirish jarayonining ochiqligi va nazoratini kuchaytiradi.
Muhim yangiliklardan yana biri – ovchilik guvohnomasi faqat maxsus o‘quv kurslarini tugatib, test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan fuqarolarga beriladi. Guvohnoma Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali 2 yil muddatga rasmiylashtiriladi. Bu esa ovchilarning bilim va mas’uliyatini oshirishga xizmat qiladi.
Qonunga muvofiq, ov qilish faqat belgilangan ov hududlarida amalga oshiriladi. Avvallari ayrim hollarda butun tuman hududida ov qilish imkonini beruvchi yo‘llanmalar berilgan bo‘lsa, endilikda bu amaliyotga chek qo‘yiladi. Natijada ekologik nazoratni samarali tashkil etish imkoniyati yaratiladi.
Yangi tartibga ko‘ra, yovvoyi hayvonlarni ovlash kvotalari ilmiy asosda belgilanadi va taqsimlanadi. Bu esa hayvonot dunyosini saqlash hamda biologik xilma-xillikni asrashga xizmat qiladi.
Qonunda ovchilik xo‘jaliklarini rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar ham nazarda tutilgan. Xususan, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan va o‘rmon fondi yerlaridan ovchilik bazalari uchun 10 gektargacha, pitomniklar tashkil etish uchun esa 100 gektargacha yer uchastkalari elektron onlayn auksion orqali 49 yil muddatga ijaraga beriladi. Bunda ijara uch bosqichda – 10 yil, yana 10 yil va keyingi 29 yil muddatga rasmiylashtiriladi.
Shu bilan birga, investitsiya majburiyatlari ham qat’iy belgilangan. Agar 2 yil ichida yovvoyi hayvonlarni ko‘paytirish uchun pitomnik yoki infratuzilma yaratilmasa, ijara shartnomasi bekor qilinadi.
Ekspertlar fikricha, mazkur qonunning qabul qilinishi noqonuniy ov qilish holatlarini kamaytirish, biologik xilma-xillikni saqlash, ekoturizm va ov turizmini rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda sohaga investitsiyalarni jalb etishga xizmat qiladi.
Eng muhimi, yangi qonun ovchilikni shunchaki dam olish yoki xo‘jalik faoliyati emas, balki ekologik xavfsizlik va tabiiy resurslarni boshqarishning muhim yo‘nalishi sifatida tartibga solishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.