JINOYAT VA UNING OQIBATLARI BILAN EMAS, BALKI SABABLARI BILAN KURASHISH – ENG SAMARALI YOʻL
Davlatimiz, hukumatimiz jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklarning oldini olishga eng ustuvor masalalardan biri sifatida alohida eʼtibor qaratmoqda. Prezidentimiz Sh. Mirziyoyev saʼy-harakatlari bilan bu soha izchil takomillashtirilmoqda, samaradorligi uzluksiz oshirilmoqda.
Keyingi yillarda aholi tinch-osoyishta hayot kechirishi uchun huquqiy va tashkiliy mexanizmlar tubdan qayta koʻrib chiqildi. Huquq-tartibot idoralari faoliyati qayta shakllantirildi, ular zamonaviy texnika va moddiy resurslar bilan taʼminlandi. Eng asosiysi – huquqbuzarlikni jazolash emas, balki jinoyatlarning oldini olish asosiy mezonga aylantirilmoqda.
2025 yilning 3 yanvarida Prezidentimizning “Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish” toʻgʻrisidagi 1-sonli qarori qabul qilindi. Unda barcha mutasaddi idoralar oldiga jinoyatlarni oldini olishga yoʻnaltirilgan infratuzilmani yaratish vazifasi qoʻyildi. Shu asosda yoʻlga qoʻyilgan ishlar natijasida 2025 yilning dastlabki 5 oyi davomida oʻrtacha darajadagi jinoyatlar 12 foizga, ogʻir jinoyatlar 37,3 foizga kamaydi. Qotillik, oʻgʻrilik, talonchilik, firibgarlik va mast holda avtohalokatlar sodir qilish kabi koʻplab jinoyat turlari keskin kamayishi kuzatildi.
Shu bilan birga davlat rahbarining topshirigʻi asosida joriy yil davomida mamlakatda kriminogen vaziyat ogʻir boʻlgan hududlardagi real holat oʻrganilib, maxsus ishchi guruhlar tomonidan mahallalardagi “yettalik” faoliyati, huquqbuzarliklarning sabablari va korrupsiyaga qarshi kurash ishlari atroflicha tahlil qilindi. Afsuski, oʻrganishlar ayrim mahallalar “yettalik”lari va rahbarlar ushbu sohadagi talab va vazifalardan bexabar ekanini, huquqbuzarliklarning oldini olishga masʼuliyatsizlik bilan qaralayotganini koʻrsatdi.
Jinoyatlarning 36,4 foizi mahallalarda sodir etilgani mahalliy darajadagi profilaktika ishlari talab darajasida emasligidan dalolat beradi. 813 ta mahalla “qizil” toifaga kiritilgani esa ularda jinoyatchilik yuqoriligini anglatadi. Demak, joylardagi “yettalik”lar faoliyatini tubdan qayta koʻrib chiqish, ularni qayta tayyorlash va nazoratni kuchaytirish talab etilmoqda.
Tashvishlanarli holatlardan biri – oilalarda sodir etilgan qotilliklarning ulushi kattaligidir. Shu yili roʻy bergan bunday ogʻir jinoyatlarning 53,4 foizi oilaviy munosabatlar doirasida sodir etilgan. Bu esa oilalardagi nizolarni barvaqt aniqlash, ruhiy tushkunlik va zoʻravonlik holatlariga chora koʻrish borasida masʼul idoralar tomonidan yetarlicha ish olib borilmayotgani oqibatidir. Samarqand va Navoiyda sodir boʻlgan ikki mudhish jinoyat oilaviy nizolar va murakkab holatlar jinoyatgacha yetaklashi mumkinligini yaqqol namoyon etdi.
Bir qarashda yoshlar oʻrtasidagi jinoyatchilik statistikasi ijobiy oʻzgarishlar yuz berayotgandek tuyuladi. Besh oy ichida 2 ming 846 nafar yosh tomonidan 2 ming 919 ta jinoyat sodir etilgan boʻlib, oʻtgan yilga nisbatan 20 foizga kamaygan. Ammo voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan 567 ta jinoyatning 84,3 foizi tarbiyadan chetda qolgan, ota-ona yetarli eʼtibor bermagan yigit-qizlar hissasiga toʻgʻri kelmoqda. Bunday holatlar “oila–maktab–mahalla” tizimining soʻnggi paytlarda talab darajasida ishlamayotganidan darak beradi.
Xotin-qizlar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlar ham alohida tahlilga muhtoj. 2025 yilda 672 nafar ayol 723 ta jinoyat sodir etgan. Ular orasida 7 ta qotillik, 227 ta oʻgʻrilik, 146 ta firibgarlik va boshqa ogʻir jinoyatlar mavjud. Ayniqsa, Urganchda sodir etilgan oʻta shafqatsiz jinoyat ijtimoiy muammolar yechimsiz qolganda ayollar ham jinoyatchiga aylanishi mumkinligini koʻrsatdi. Ayollar bilan ishlovchi faollar va mahalla “yettalik”lari ularga zarur yordam koʻrsatmagan, profilaktika ishlarini olib bormagan.
Yana bir tahlikali muammo – axborot texnologiyalari vositasida sodir etilayotgan kiberjinoyatlardir. Besh oy ichida 18 ming 327 ta ana shunday jinoyat sodir etilgan boʻlib, ularning 94,4 foizi firibgarlik va oʻgʻrilikdir. Mazkur koʻrsatkichlar jinoyatchilik zamonaviy shakllarga oʻtayotganini koʻrsatadi. Demak, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar ham oʻz faoliyatini tezkor raqamli tahlil va elektron nazorat asosida tashkil etishi lozim.
Xulosa qilib aytganda, respublikamiz jinoyatchilikka qarshi kurashda muayyan yutuqlarga erishdi. Amalda oshirilayotgan chora-tadbirlar, jumladan, samarali profilaktika ishlari oʻz mevasini bermoqda. Biroq jinoyatchilikni toʻla bartaraf etish uchun mahalla tizimini shu yoʻnalish nuqtai nazaridan qayta koʻrib chiqish, har bir oiladagi muammolarni barvaqt aniqlash, bolalar, ayollar va yoshlar bilan manzilli ishlash, raqamli tahlilni kuchaytirish va jamoatchilik nazoratini oshirish talab etiladi.
Jinoyat va uning oqibati bilan emas, balki sabablari bilan kurashish – eng samarali yoʻl. Shunday yondashuv bilangina jamiyatda haqiqiy xavfsiz muhitni yaratish mumkin.