Keyingi sakkiz yilda mamlakatimizda ishbilarmonlik ma’lum doira vakillari emas, balki oddiy xalq orasida ommalashayotgan katta tarmoqka aylandi. Yurtimizda yaratilgan biznes muhiti barchaga teng imkoniyatlar bermoqda. Qulay tadbirkorlik sharoitlari shakllanib, O‘zbekiston ishbilarmonlar yurtiga aylanib borayotgani amaliy natijalarda ham aks etmoqda.
Ayniqsa, har yili an’anaviy tarzda o‘tkazilayotgan davlatimiz rahbarining tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti dunyo tajribasida deyarli o‘xshashi yo‘q mexanizmdir. Gap shundaki, mamlakatimiz Prezidentining biznes vakillari bilan o‘tadigan uchrashuvi shunchaki muloqotga asoslanmaydi, balki sohadagi muammolar o‘rtaga tashlanib, aniq yechimlar beriladi.
Shu yilning 19 mart kuni o‘tkazilgan Prezident va tadbirkorlar o‘rtasidagi amaliy uchrashuv ham soha rivojiga qaratilgan qator dolzarb tashabbuslar ilgari surilgani bilan ahamiyatlidir. Xususan, kichik va o‘rta biznesga qo‘shimcha talab va majburiyat yuklaydigan me’yoriy hujjatlar qabul qilishga uch yillik moratoriy e’lon qilindi.
Bu qarorning tadbirkorlar uchun ahamiyati shundaki, 3 yil davomida yangi talab va cheklovlar joriy etilmasligi tadbirkorlarning xarajatlarini kamaytirib, ularning erkin faoliyat yuritishlarini ta’minlaydi. Ikkinchidan, sarmoyaviy muhit yaxshilanadi. Ya’ni xorijiy va mahalliy investorlar uchun barqaror va prognoz qilish mumkin bo‘lgan muhit yuzaga keladi. Uchinchidan, kichik va o‘rta biznes vakillari o‘z resurslari hamda aylanma mablag‘larini ishlab chiqarishni kengaytirish, xizmatlar sifatini yaxshilashga yo‘naltirishi uchun sharoit tug‘iladi.
Moratoriyning iqtisodiy ta’siri haqida ham to‘xtalib o‘tish joiz. Bunda avvalo soliq yuki oshmaydi. Sir emas, yurtimizda 2028 yil 1 yanvargacha qo‘shimcha qiymat solig‘i va foyda solig‘i stavkasi oshirilmasligi belgilangan. Mazkur qaror kichik va o‘rta biznes uchun muhim rag‘bat bo‘lib, ularni uzoq muddatli rejalar tuzishga ruhlantiradi. Qolaversa, moratoriy yangi startap va kichik korxonalarning paydo bo‘lishiga olib keladi. Shuningdek, mavjud tadbirkorlik subyektlari o‘z faoliyatini kengaytirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Shu o‘rinda aytish kerakki, taraqqiyotga erishish yo‘lini tanlagan mamlakat borki, xususiy sektorni rivojlantirishda davlat rolini kamaytirish, bozor mexanizmlarining samarali ishlashi uchun sharoitlar yaratish va erkin raqobatni ta’minlashga alohida e’tibor qaratadi. O‘zbekiston ana shunday davlatlardan biriga aylandi. Bu yurtimizning keyingi sakkiz yilda bozor iqtisodiyotiga o‘tish, qulay biznes muhitini yaratish, aholi orasida tadbirkorlikni rivojlantirish hamda investitsiyalarni jalb etishdagi faolligida yaqqol ko‘rinyapti.
Bir so‘z bilan aytganda, uch yillik moratoriy – kichik va o‘rta biznes uchun nafaqat yengillik, balki yangi imkoniyatlar eshigini ochuvchi muhim strategik qaror bo‘ldi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Bu tashabbus tadbirkorlarga o‘z ishini bemalol yuritish, yangi g‘oyalarni amalga oshirish va mamlakat iqtisodiyotiga munosib hissa qo‘shish uchun keng yo‘l ochadi. Zero, byurokratik to‘siqlar kamayib, biznes yuki yengillashar ekan, yangi imkoniyatlar o‘z-o‘zidan tug‘iladi. O‘z navbatida yangi ish o‘rinlari, innovatsion loyihalar va bozordagi raqobatbardoshlik ham oshadi.