NAMANGAN

Namangan shahri Oʻzbekistonning shimoli-sharqida, Fargʻona vodiysining shimoliy qismida joylashgan qadimiy shaharlardan biridir. Shahar nomi "Namak kan" (tuz koni) soʻzlaridan kelib chiqqan boʻlib, bu hududda tuz konlari mavjudligi bilan bogʻliq.

Tarixiy manbalarga koʻra, Namangan shahri 17-asr boshlarida shakllangan. 1620-yilda sodir boʻlgan kuchli zilzila natijasida Axsikent (Axsikat) shahri vayron boʻlgach, uning aholisi hozirgi Namangan hududiga koʻchib oʻtgan. Shahar 18-asrda Qoʻqon xonligiga tobe boʻlib, muhim hunarmandchilik va savdo markaziga aylangan. Bu davrda Namanganda ip va gazlamalar, mis idishlar, zargarlik buyumlari va mehnat qurollari ishlab chiqarilgan.

Shaharda meʼmorchilik ham rivojlangan boʻlib, 17-asrga oid Xoʻja Amin maqbarasi, 1911-1912-yillarda qurilgan Mulla Qirgʻiz madrasasi va 20-asr boshlarida bunyod etilgan Ota Valixon toʻra masjidi kabi meʼmoriy yodgorliklar saqlanib qolgan.

19-asr oxiri va 20-asr boshlarida Namangan Rossiya imperiyasi tarkibiga kiritilib, sanoat va infratuzilma rivojlanishi boshlandi. 1912-yilda shaharga temir yoʻl oʻtkazilib, sanoat korxonalari, jumladan, yogʻ zavodlari, yigiruv-toʻquv fabrikalari va boshqa ishlab chiqarish obyektlari qurildi.

Sovet davrida Namangan yengil va oziq-ovqat sanoati markazlaridan biriga aylandi. Mustaqillik yillarida shahar iqtisodiyoti va infratuzilmasi yanada rivojlanib, yangi korxonalar, savdo markazlari, madaniyat va sport obyektlari barpo etildi.

Bugungi kunda Namangan shahri oʻzining boy tarixi, madaniy merosi va mehnatsevar aholisi bilan tanilgan. Shahar hududida joylashgan Namangan viloyati tarix va madaniyat davlat muzeyi viloyatning boy tarixiy-madaniy merosini asrab-avaylash va namoyish etish borasida muhim ahamiyatga ega. 

Shuningdek, Namangan viloyati haqida batafsil maʼlumot olish uchun yaqinda nashr etilgan "Gʻaznai Namangon" nomli uch jildli ensiklopediyaning birinchi jildi "Oltin odamlar" kitobini tavsiya etish mumkin.
 

Shahar oʻzining qirmizi olmalari, ming bir iforga burkangan gulzorlari, atlasu adrasi va mehnatsevar insonlari bilan mashhurdir.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish