O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurash kuchaytiriladi

Oliy Majlis Senatining 16-yalpi majlisida korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirish va korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlikning muqarrarligini ta’minlashga qaratilgan qonun ma’qullandi. Mazkur hujjat jinoiy qonunchilikdagi mavjud bo‘shliqlarni bartaraf etish, xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka joriy etish hamda korrupsiyaga qarshi kurash mexanizmlarini kuchaytirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

 

So‘nggi yillarda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Biroq amaliyot shuni ko‘rsatmoqdaki, ayrim huquqiy bo‘shliqlar korrupsiyaviy jinoyatlarni bir xil talqin qilish va ularga nisbatan yagona yondashuvni qo‘llashda qiyinchiliklarni yuzaga keltirib kelayotgan edi.

 

Yangi qonun bilan Jinoyat kodeksiga ilk bor “korrupsiyaga oid jinoyatlar” degan alohida tushuncha kiritilmoqda va ularning aniq ro‘yxati belgilanmoqda. Bu esa huquqni qo‘llash amaliyotida mavjud terminologik chalkashliklarga barham berish va korrupsiyaga oid jinoyatlarni aniq tasniflash imkonini beradi.

 

Qonunning eng muhim yangiliklaridan biri - pora olish, pora berish va pora olish-berishda vositachilik qilganlik uchun sudlangan shaxslarga nisbatan muddatidan ilgari shartli ozod qilish institutini qo‘llash taqiqlanayotganidir. Bu norma korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlikning muqarrarligini ta’minlashga xizmat qiladi.

 

Shuningdek, sud amaliyotidagi qarama-qarshiliklarni bartaraf etish maqsadida xizmat mavqeidan foydalangan holda sodir etilgan firibgarlik Jinoyat kodeksining o‘ta og‘ir jinoyatlar toifasiga o‘tkazilmoqda. Mazkur qilmish uchun 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilmoqda.

 

Yangi qonun nafaqat davlat, balki xususiy sektorda ham korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan. Jumladan, nodavlat tashkiloti xodimini pora evaziga og‘dirib olish uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda. Bundan tashqari, Jinoyat kodeksining qator moddalarida qilmishning “g‘arazgo‘ylik niyatida” sodir etilishi jazoni og‘irlashtiruvchi holat sifatida belgilanmoqda.

 

Qonun bilan davlat xaridlari va budjet tizimidagi qonunbuzilishlar uchun ma’muriy javobgarlik ham kuchaytirilmoqda. Mutaxassislar fikricha, bu davlat mablag‘laridan foydalanishda ochiqlik va hisobdorlikni oshirishga xizmat qiladi.

 

Ekspertlarning ta’kidlashicha, mazkur qonunning qabul qilinishi jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, korrupsiyaviy jinoyatlar uchun jazoning muqarrarligini ta’minlash hamda davlat boshqaruvida shaffoflikni yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.

 

Eng muhimi, yangi huquqiy mexanizmlar “korrupsiya uchun jazo muqarrar” degan tamoyilni amaliyotda yanada mustahkamlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish