UNESCO shtab-kvartirasi Parijda Mahmud Qoshg‘ariyning “Devonu lug‘otit turk” asarining 950 yilligiga bag‘ishlangan konferensiya o‘tkazildi.
Tadbirda turli davlatlardan kelgan elchilar, olimlar va madaniyat arboblari ishtirok etishdi. Shuningdek, bu asarning ozarbayjon tiliga tarjimasi taqdimoti o‘tkazildi. E’tiborli jihati, tadbirda Istanbuldagi Ali Amiriy Afandi kutubxonasida saqlanayotgan “Devonu lug‘otit turk”ning asl nusxasidan ko‘chirilgan maxsus tayyorlangan nusxasi taqdim etildi.
Konferensiyadan ko‘zlangan maqsad, Mahmud Koshg‘ariy tomonidan XI asrda yaratilgan ushbu monumental asarning ahamiyatini o‘rganish, uning zamonaviy davrdagi dolzarbligini ta’kidlash va bu merosni kelajak avlodlar uchun asrab-avaylash borasida yangi tashabbuslarni ilgari surishdan iboratdir.
Tadbirni Turk madaniyati va merosi jamg‘armasi rahbari Oqto‘ti Raimqulova ochar ekan, 2024–2025 yillarda “Devonu lug‘otit turk”ning 950 yilligini UNESCO doirasida nishonlash muhimligini ta’kidladi. Shuningdek, u ushbu asarning tarixiy ahamiyati va zamonaviy davrda madaniyatlararo muloqotni rivojlantirishdagi roli haqida so‘z yuritdi.
Mahmud Qoshg‘ariy tomonidan tuzilgan bu asar shunchaki lug‘at emas, balki turkiy tillar boyligi, turkiy an’analar hikmati va turkiy madaniyatning jo‘shqinligini aks ettiruvchi ensiklopediya sifatida ta’riflanadi.