Prezident Samarqanddagi zamonaviy tibbiyot muassasalari bilan tanishdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqandda Raqamli sog‘liqni saqlash markazi va Kardiologiya markazi filiallarida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. So‘nggi bir yilda tibbiyot tizimini raqamlashtirish bo‘yicha katta qadamlar tashlanib, DMED yagona platformasiga 36 million aholining ma’lumotlari kiritildi, tez yordam xizmatida elektron boshqaruv yo‘lga qo‘yildi, “Elektron retsept” tizimi ortiqcha dori yozishni sezilarli kamaytirdi.

Prezident raqamlashtirish tibbiyotni boshqarish, resurslarni to‘g‘ri taqsimlash va shaffoflikni ta’minlashda muhim vosita ekanini ta’kidladi. Dori vositalari muomalasi va litsenziyalash jarayonlarini soddalashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Shuningdek, tubdan yangilangan Kardiologiya markazining yangi sharoitlari ko‘zdan kechirildi. 52 milliard so‘m yo‘naltirilgan filiala zamonaviy uskunalar olib kelindi, diagnostika imkoniyatlari kengaydi, yurak-qon tomir operatsiyalari soni bir yilda 383 tadan 590 taga yetdi. Mobil diagnostika tizimi orqali minglab bemorlarga koronarografiya amaliyoti o‘tkazildi.

Taqdimotda “Infarkt va insultga qarshi kurash” milliy dasturi va kasalliklarni barvaqt aniqlash bo‘yicha yangi tizimlar haqida ma’lumot berildi. Prezident Samarqand tajribasini butun respublika bo‘yicha tatbiq etish zarurligini qayd etdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish