Starlink interneti 2026 yilda O‘zbekistonda ishga tushiriladi

Ilon Mask asos solgan Starlink kompaniyasi xalqaro telekommunikatsiya guruhi Veon bilan tarixiy kelishuv imzoladi. Ushbu bitim orqali O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan mobil aloqa operatorlari tarmoqlariga sun’iy yo‘ldosh orqali internet xizmatlarini integratsiya qilish imkoniyati yaratiladi.

Yangi texnologiya yordamida foydalanuvchilar mobil telefonlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri sun’iy yo‘ldosh tarmog‘iga ulab, aloqa minoralariga ehtiyoj sezmasdan internetdan foydalanishlari mumkin bo‘ladi.

Dastlab Starlink xizmati Qozog‘iston va Ukrainada yo‘lga qo‘yiladi. Keyinchalik esa u O‘zbekiston, Pokiston va Bangladesh kabi Veon faoliyat yuritayotgan boshqa davlatlarda ham joriy etilishi rejalashtirilgan.

Aniq muddatlar hozircha e’lon qilinmagan, biroq avvalroq kompaniya 2026 yilda O‘zbekistonda xizmatni ishga tushirishni rejalashtirayotganini ma’lum qilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, 2025-yil avgust oyida Starlink Qozog‘iston hududida sun’iy yo‘ldosh interneti xizmatlarini rasmiy ravishda yo‘lga qo‘ygan edi. Shu tariqa, yaqin yillarda O‘zbekiston aholisi ham yuqori tezlikdagi global internet tarmog‘idan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish