Insoniyat taraqqiyoti tarixida har bir davr o‘zining ma’naviy yuksalish mezoniga ega bo‘lgan. XV asrda Alisher Navoiy o‘zbek tilining so‘z san’ati orqali kuch-qudratini namoyon etgan bo‘lsa, XXI asrda bu tilning yangi tiklanish davri — sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar bilan uyg‘unlashuvidir.
Bugun butun dunyo “sun’iy intellekt asri”ga kirib keldi. Ilgari faqat inson tafakkuri orqali yechiladigan murakkab masalalar endilikda algoritmlar va neyron tarmoqlar yordamida hal etilmoqda. Bir necha daqiqa ichida ulkan tahlillar, tarjimalar, matnlar yoki qarorlar ishlab chiqilayotgan bu davrda inson tafakkuri bilan raqamli texnologiyalar o‘rtasida yangi uyg‘unlik shakllanmoqda.
Bugun so‘z faqat qog‘ozda emas, balki ma’lumotlar bazasi, kod va algoritmlarda ham yashaydi. Bu holat til va texnologiyaning birlashuvini, milliy tafakkurning yangi bosqichga ko‘tarilishini ifodalaydi. Shu ma’noda, til va sun’iy intellekt munosabati — bu shunchaki texnik jarayon emas, balki milliy taraqqiyot va ma’naviy mustaqillikning strategik yo‘nalishidir.
So‘nggi yillarda dunyo mamlakatlari sun’iy intellektni iqtisodiyot, ta’lim, boshqaruv va fan sohalariga keng joriy etmoqda. AQSh, Xitoy, Yaponiya va Yevropa davlatlari bu texnologiya orqali milliardlab dollarlik iqtisodiy samaraga erishmoqda. Biroq bu natijalarning asosida yana bir muhim omil — milliy tildagi ma’lumotlar maydoni yotadi.
Chunki sun’iy intellekt inson fikrini emas, ma’lumotni tahlil qiladi. Agar o‘zbek tilida raqamlashtirilgan ma’lumotlar bazasi yetarli bo‘lmasa, SI tizimlari orqali o‘zbek tilida fikrlash, yozish yoki izlanish imkoniyati cheklanib qoladi. Shu bois davlat tilining raqamli makondagi mavqeini mustahkamlash bugun milliy siyosatning uzviy qismiga aylanmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2025 yil 20 oktyabrda qabul qilingan “Davlat tilini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ana shu yo‘nalishdagi yangi bosqichni boshlab berdi. Mazkur qarorda davlat tilini axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt tizimlariga integratsiya qilish, elektron lug‘atlar, atamalar reyestri hamda milliy til platformasini yaratish vazifalari belgilab berildi.
Bundan tashqari, “O‘zbekistonda sun’iy intellekt texnologiyalarini 2030 yilgacha rivojlantirish strategiyasi” mamlakatni raqamli islohotlarning yangi bosqichiga olib chiqmoqda. Hujjatda SI asosida yaratiladigan mahsulot va xizmatlar hajmini 1,5 milliard dollarga yetkazish, 10 ta ilmiy laboratoriya tashkil etish, davlat xizmatlarida sun’iy intellekt ulushini oshirish kabi vazifalar belgilangan. 2024 yilda O‘zbekiston SIga tayyorgarlik bo‘yicha global indeksda 17 pog‘ona yuqorilab, 70-o‘rinni egallagani ham amaliy natijalardan dalolat beradi.
Qarorga muvofiq, 2026 yil may oyiga qadar Raqamli texnologiyalar vazirligi va Fanlar akademiyasi hamkorligida o‘zbek tilini SI yordamida qo‘llab-quvvatlaydigan milliy platforma yaratiladi. Bu tizim davlat xizmatlari, ta’lim, OAV va ilmiy tadqiqotlarda o‘zbek tilining faol qo‘llanilishiga xizmat qiladi.
Kuni kecha Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan sun’iy intellektni rivojlantirish masalasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda SI dasturlarining samarali ishlashi uchun ularning o‘zbek tilini mukammal tushunishi muhim ekanligi ta’kidlandi. Shu munosabat bilan milliy til asosida “O‘zbek tili korpusi” yaratish tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi. Bu tizim orqali adabiyotlar, maqolalar, ilmiy ishlar va boshqa manbalar raqamlashtirilib, sun’iy intellekt milliy madaniyat va qadriyatlarni chuqur aks ettira oladi.
O‘zbek tiliga asoslangan sun’iy intellekt tizimlari nafaqat ta’lim va boshqaruv sohalarida, balki iqtisodiyot, tibbiyot va boshqa yo‘nalishlarda ham yangi imkoniyatlar yaratadi. Shu bilan birga, yoshlarni sun’iy intellekt texnologiyalari bilan tanishtirish, ularni ilmiy va amaliy loyihalarda ishtirok etishga rag‘batlantirish uchun muhim omilga aylanadi.
Bugun o‘zbek tili nafaqat adabiyot va ma’naviyat, balki innovatsiyalar va intellektual rivojlanish tili sifatida yangi davr ostonasida turibdi. Sun’iy intellekt sohasida milliy til mavqeini mustahkamlash — davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan vazifadir. Chunki tilni raqamli makonda mustahkamlagan millat o‘z tafakkuri va kelajagini mustaqil ravishda shakllantiradi.