Senat raisi Tanzila Narbayeva Parlament ayollari forumining 39-sessiyasiga prezident etib saylandi

2025-yil 5-aprel kuni Toshkent shahrida Parlamentlararo Ittifoqning (PI) 150-yubiley Assambleyasi doirasida Parlament ayol a’zolari byurosining 1-majlisi bo‘lib o‘tdi. Ushbu nufuzli tadbir global miqyosda ayollar siyosiy yetakchiligi, gender tenglik va inson huquqlarini ilgari surishga qaratilgan.

Parlament ayol a’zolari byurosi majlisiga Byuro Prezidenti Sintiya Lopes Kastro raislik qildi. U o‘z nutqida gender masalalari PI faoliyatining ustuvor yo‘nalishiga aylangani, parlamentlarda ayollarning ishtiroki, ta’siri va nufuzi yildan-yilga ortib borayotganini alohida ta’kidladi.

Mazkur majlis davomida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva Parlament ayol a’zolari forumining 39-sessiyasi Prezidenti lavozimiga nomzod sifatida ilgari surildi va ushbu taklif ishtirokchilar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

O‘z navbatida, Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva o‘z chiqishida mazkur sessiya Prezidentligiga uning nomzodini ilgari surgani uchun Sintiya Lopes Kastro xonimga minnatdorchilik izhor etdi. Shuningdek, Parlamentlararo ittifoqning yubiley assambleyasi doirasida tashkil etiladigan tadbirlar, ko‘rib chiqiladigan dolzarb mavzular, jumladan gender tenglikka oid masalalar, muhokamalar, ilgari suriladigan tashabbuslar butun dunyo xotin-qizlari huquqlarini himoya qilish, ularning turli sohalardagi faolligini oshirish yo‘nalishida parlamentlarning saʼy-harakatlarini uyg‘unlashtirishga xizmat qilishi taʼkidlandi.

Forumda 40 yillik yubiley ham nishonlanadi. Bu sanani xotirlash ayniqsa ahamiyatli, chunki forum 1985-yildan buyon ayollarning siyosiy jarayondagi ishtirokini kengaytirishga xizmat qilib kelmoqda. Bugungi kunda Parlament ayol a’zolari forumi ayollar o‘rtasida global tarmoq shakllantirish, qaror qabul qilish jarayonlarida ularning rolini kuchaytirish va barqaror rivojlanishga hissa qo‘shish kabi maqsadlarni amalga oshirmoqda.

Forumda 200 dan ortiq parlament a’zolari, yetakchi ayollar va ekspertlar ishtirok etmoqda. Ular gender tenglikni ilgari surish bo‘yicha yangi tashabbuslarni muhokama qiladilar, jumladan, PI tomonidan ilgari surilgan rezolyutsiyalar gender nuqtai nazaridan tahlil qilinadi. Xususan, Falastinda ikki davlatli yechim bo‘yicha parlamentlar roli hamda qurolli mojarolarning barqaror rivojlanishga ta’siri yuzasidan strategiyalar ko‘rib chiqiladi.

Tadbir davomida ayollar huquqlari va ularning turli sohalardagi faolligini ta’minlash, parlamentlararo hamkorlikni kuchaytirishga doir maxsus ishchi guruhlar faoliyat yuritmoqda. “Siyosatni shakllantiruvchi ayollar: ayollarning global tarmoqlari” mavzusida panel muhokama bo‘lib o‘tadi. Ushbu guruhlarning takliflari asosida ishlab chiqilgan tavsiyalar PI doimiy qo‘mitalariga yuboriladi.

Bugungi kunda O‘zbekiston parlamentida ayol deputatlar ulushi 38 foizga yetgan bo‘lib, bu natija mamlakatning gender tenglik sohasida erishgan yutuqlarini namoyon etadi. Xususan, “Parlamentdagi ayollar” reytingida O‘zbekiston 193 davlat orasida 36-o‘rinni egallab turibdi. Bu esa mamlakatda olib borilayotgan islohotlarning amaliy samarasini ko‘rsatadi.

Parlament ayol a’zolari forumining 39-sessiyasi gender tenglikni rivojlantirish, ayollarning siyosiy yetakchiligini mustahkamlash va inklyuziv hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan global muhokamalar uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish