Amir Temur - nafaqat o‘zbek xalqining, balki butun jahon tarixining eng buyuk siymolaridan biridir. U Movarounnahrni yagona markazlashgan davlat sifatida birlashtirgan, Samarqandni qudratli saltanat poytaxtiga aylantirgan va adolat, tartib-intizom hamda ilm-ma’rifatga tayangan boshqaruv tizimini shakllantirgan buyuk davlat arbobi sifatida tarixda o‘chmas iz qoldirgan. Sohibqironning siyosiy tafakkuri, harbiy salohiyati va bunyodkorlik ishlari keyingi avlodlar uchun ulkan maktab bo‘lib xizmat qilmoqda.
Ayniqsa, uning dunyoga mashhur “Temur tuzuklari” asari davlat boshqaruvi, qonun ustuvorligi va adolat tamoyillarining muhim manbalaridan biri sifatida yuksak qadrlanadi. Amir Temur asos solgan temuriylar davri esa ilm-fan, madaniyat, me’morchilik va san’at ravnaq topgan Ikkinchi uyg‘onish davri sifatida e’tirof etiladi. Shu bois Sohibqiron merosini o‘rganish, asrash va targ‘ib etish bugungi kunda ham alohida ahamiyat kasb etadi.
Sohibqiron Amir Temur tavallud topganining 690 yilligi munosabati bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev rekonstruksiya qilingan Temuriylar tarixi davlat muzeyiga tashrif buyurdi.
Ma’lumki, Amir Temur Movarounnahrni yagona davlat sifatida birlashtirib, poytaxti Samarqand bo‘lgan qudratli saltanatni barpo etgan. U o‘zining “Temur tuzuklari” orqali davlatni boshqarishning huquqiy va ma’naviy mezonlarini belgilab berdi. Ilm-fan va madaniyat rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasi bilan esa temuriylar Renessansiga asos soldi.
Sohibqiron davrida bunyod etilgan noyob me’moriy obidalar, boy ilmiy va ma’naviy meros bugun ham xalqimizning milliy g‘ururi, tarixiy o‘zligini namoyon etib kelmoqda. Amir Temurning “Adolat har bir ishda hamrohimiz va dasturimiz bo‘lsin” degan hikmatli so‘zlari esa bugungi Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarda o‘zining chuqur ifodasini topmoqda.
Ushbu ulug‘ zot tavalludining 690 yilligini keng nishonlash maqsadida joriy yil 5-fevral kuni Prezidentning tegishli qarori qabul qilingan edi. Mazkur hujjatga muvofiq, har yili aprel oyi “Amir Temur oyligi” deb e’lon qilinib, ta’lim muassasalari, ilmiy markazlar va mahallalarda temurshunos olimlar, yozuvchilar va san’atkorlar ishtirokida uchrashuvlar, davra suhbatlari hamda turli ma’rifiy tadbirlar tashkil etilishi belgilandi.
Qaror ijrosi doirasida Temuriylar tarixi davlat muzeyi ham zamon talablari asosida rekonstruksiya qilindi. Binoda dunyoning mashhur muzeylari tajribasi asosida yangilanish ishlari olib borildi, zamonaviy jihozlar o‘rnatildi, ekspozitsiyalar qayta shakllantirildi va raqamlashtirish orqali imkoniyatlari yanada kengaytirildi. Muzey fondi xorijdagi to‘plamlardan xarid qilingan yangi eksponatlar hisobiga ham boyitildi.
Xususan, muzeyning birinchi qavatida “Buyuk Sohibqiron - Ikkinchi Renessans asoschisi” bo‘limi tashkil etilgan. Ikkinchi qavatda esa sun’iy intellekt va “aqlli” texnologiyalar asosida Amir Temur davri va temuriylar tarixini yoritib beruvchi interaktiv ekspozitsiyalar joylashtirilgan. Shuningdek, 3D formatdagi eksponatlar va tarixiy xaritalar ham tashrif buyuruvchilarga taqdim etilgan.
Davlatimiz rahbari muzeyning yangilangan ekspozitsiyasi hamda tashrif buyuruvchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishar ekan, ajdodlar merosini o‘rganish, asrab-avaylash va keng targ‘ib etish masalasi bugungi kun uchun nihoyatda dolzarb ekanini alohida ta’kidladi.
- Dunyo havas qilgulik tariximiz, merosimiz bor. Sohibqiron tarixini jamlagan muzey zamonga munosib yangi qiyofaga kelgani yaxshi bo‘ldi. Endi buni aholimizga, yoshlarga, xorijlik mehmonlarga yetkazish eng katta vazifamiz. Yangi O‘zbekistonni yuksaltirish uchun kerakli bilimlarni qayerdan olish mumkin desangiz, bularning barchasi - ajdodlarimiz qoldirgan merosda, ilmda. Shu bois, yoshlarimizni, nuroniylarni, umuman, aholini mahallabay tarzda muzeylarga olib kelib, buyuk tariximiz haqidagi bilimlarini oshirishimiz lozim, - dedi Prezidentimiz.
Tashrif yakunida Prezident Shavkat Mirziyoyev Temuriylar tarixi davlat muzeyining mehmonlar kitobiga dastxat qoldirdi.