Sud hokimiyatining moliyaviy mustaqilligi kuchaymoqda

Oliy Majlis Senatining yalpi majlisida “Sud hokimiyati organlari faoliyatini moliyalashtirish to‘g‘risida”gi Qonun ma’qullandi. Mazkur hujjat sud tizimining moliyaviy mustaqilligini ta’minlash, odil sudlov sifatini oshirish va sud hokimiyatining boshqa tarmoqlardan mustaqilligini yanada mustahkamlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Ma’lumki, huquqiy demokratik davlatning asosiy belgilaridan biri – mustaqil sud hokimiyatidir. Sudning chinakam mustaqilligi esa nafaqat sudyalarning daxlsizligi yoki protsessual kafolatlar, balki uning moliyaviy ta’minoti bilan ham bevosita bog‘liq. Chunki sudlar moliyaviy jihatdan boshqa organlarga qaram bo‘lsa, bu ularning mustaqilligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda sud-huquq tizimini isloh qilish, fuqarolar va tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish, odil sudlov sifatini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirildi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 140-moddasida sudlar faoliyatini moliyalashtirish faqat Davlat budjeti hisobidan amalga oshirilishi hamda bu moliyalashtirish odil sudlovni to‘liq va mustaqil amalga oshirish imkonini berishi qat’iy belgilab qo‘yildi.

Yangi qonun aynan ushbu konstitutsiyaviy normani amalda ta’minlashga xizmat qiladi. Hozirga qadar sudlarni moliyalashtirish masalalari turli normativ hujjatlar orqali tartibga solinib kelgan bo‘lsa, endilikda bu soha alohida qonun bilan tartibga solinadi.

Qonunning eng muhim jihatlaridan biri shundaki, sudlarni moliyalashtirishning yagona manbai sifatida faqat Davlat budjeti belgilandi. Shu bilan birga, Konstitutsiyaviy sud, Oliy sud va Sudyalar oliy kengashi uchun Davlat budjetida alohida va mustaqil mablag‘lar nazarda tutilishi majburiy etib belgilanmoqda.

Yana bir muhim yangilik – iqtisodiy vaziyat murakkablashgani yoki budjet taqchilligi yuzaga kelgan taqdirda ham sudlar faoliyati uchun ajratilgan mablag‘larni qisqartirish taqiqlanmoqda. Bundan tashqari, keyingi yil uchun ajratiladigan mablag‘lar hajmi, qoida tariqasida, avvalgi moliya yilidagidan kam bo‘lmasligi kafolatlanmoqda. Bu esa sud tizimining moliyaviy barqarorligini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Qonunga muvofiq, sud organlari budjet loyihasini tayyorlash jarayonida mustaqil ishtirok etadi. Konstitutsiyaviy sud, Oliy sud, Sudyalar oliy kengashi va Sudlar faoliyatini ta’minlash departamenti budjet so‘rovlarini mustaqil ravishda shakllantiradi. Agar hukumat bilan kelishmovchilik yuzaga kelsa, sud organlarining takliflari Oliy Majlisga majburiy tartibda kiritiladi. Bu esa hokimiyatlar bo‘linishi tamoyilini amalda ta’minlashga xizmat qiladi.

Yangi tartibga ko‘ra, Konstitutsiyaviy sud, Oliy sud va Sudyalar oliy kengashi ajratilgan mablag‘larni mustaqil ravishda tasarruf etadi. Quyi sudlar tizimi uchun mablag‘larni taqsimlash esa Sudlar faoliyatini ta’minlash departamenti tomonidan amalga oshiriladi. Mablag‘larni taqsimlash jarayonining ochiqligi va hisobdorligini ta’minlash maqsadida tegishli tartiblar Oliy sud Plenumi va vakolatli organlar tomonidan tasdiqlanadi.

Qonun bilan “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunga ham muhim o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Endilikda har bir sud alohida bino, qo‘riqlash tizimi va xizmat avtotransporti bilan ta’minlanishi shart etib belgilanmoqda. Bu norma sudlarning mahalliy ijro hokimiyati organlariga moddiy jihatdan qaram bo‘lib qolishining oldini olishga xizmat qiladi.

Mutaxassislar fikricha, mazkur qonunning qabul qilinishi sud hokimiyatining haqiqiy mustaqilligini ta’minlash, sudyalar va sud apparati xodimlarining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, sudlar infratuzilmasini yaxshilash hamda odil sudlov sifatini xalqaro standartlar darajasiga olib chiqishda muhim omil bo‘ladi.

Eng muhimi, ushbu qonun sud hokimiyatining moliyaviy mustaqilligini konstitutsiyaviy darajada mustahkamlab, fuqarolarning adolatli sudlovga bo‘lgan ishonchini yanada oshirishga xizmat qiladi. Zero, mustaqil sud – qonun ustuvorligi va inson huquqlarining eng muhim kafolatidir.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish